“Uzbekistan Airways” samolyotlarida quloqchin yo‘qligidan boshqa muammolarni ko‘rmaydimi?

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtda “Uzbekistan Airways” AJ havo kemalari sahnida quloqchinlarning yo‘qligi sabab yo‘lovchilardan kompaniyaga ko‘plab murojaat va shikoyatlar kelib tushmoqda. Aviakompaniya holatga aniqlik kiritish maqsadida tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati joriy yilda aviaqatnovlar sonini 2021 yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ziyod ko‘paytirgan, yo‘lovchilar soni esa 3 barobarga oshgan. Bu esa o‘z navbatida xizmat va havo sahnida yo‘lovchilarga tarqatiluvchi buyumlar, shu jumladan bir martalik qulonchinlarning soni oshishiga olib kelgan.

“Bir martalik quloqchinlar sotib olish uchun qabul qilingan chora-tadbirlar COVID-19 tufayli hamda bir qator sabablarga ko‘ra kerakli natijalarni bermadi. Biroq bugungi kunda logistika bilan bog‘liq muammolar hal qilinib, 2022 yilning 15 iyun sanasidan boshlab bir martalik quloqchinlar aviakompaniyaning barcha havo kemalariga tarqatiladi va yo‘lovchilarimiz parvoz vaqtida yana musiqa eshitishlari yoki kinofilm tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi munosabatda.

Aviakompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun barcha yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov “Uzbekistan Airways” AJ xizmatlaridan shaxsan foydalanib, aviakompaniya samolyotlaridagi monitorlarda media bo‘lim ishlamasligi, quloqchinlar yo‘qligi, 250 kishilik samolyotlarda bor-yo‘g‘i 20 ta yostiq 30 ta plet borligi, birinchi marta uchayotgan 12 yoshdan kichik bolalarga kompliment degan narsalar yo‘qligi, shaxsiy buyumlar, dezinfeksiya vositalari berilmasligi, onlayn-cheking mavjud emasligi, samolyot belgilangan vaqtdan kech uchsa ham, hech kim tushuntirish bermasligi, yuklar bilan betartib munosabatda bo‘linishini aytib, xizmat ko‘rsatishni tanqid qilgandi.

Biroq aviakompaniya yuqoridagi muammolardan faqatgina quloqchin yo‘qligini tan olib, qolganlariga ko‘z yumgani “Uzbekistan Airways” o‘rinli tanqidni "hazm qila olmasligidan"mi, ajabo?


Maqola muallifi

Teglar

Uzbekistan Airways

Baholaganlar

538

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing