“Uzbekistan Airways” monopoliyasi Senat qo‘mitasi majlisida muhokama qilindi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2020
6885O‘zbekistonda “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona monopolistik tashkilot bo‘lib qolmoqda. Shu bois kompaniyaning raqobat muhiti bo‘lmagan sharoitda faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida o‘tgan majlisida so‘z bordi.
Unda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tegishli boshqarmalari buyruqlari bilan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi xalqaro aeroportlar mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha tabiiy monopoliya sub’ekti sifatida davlat reyestriga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Qolaversa, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibiga kiradigan 14 ta davlat unitar korxonasini mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilib “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan.
O‘tkazilgan tahlillar jarayonida havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlik holatiga salbiy ta’sir etuvchi bir qator omillar aniqlangan. Jumladan, “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya ekanligidan raqobat muhiti bo‘lmagan sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas.
Ta’kidlanishicha, 2010 yildan buyon kompaniyaning parvozlar soni bor-yo‘g‘i 15% ga oshgan. Havo texnikasining kam miqdordaligi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, parvozlar sonini ko‘paytirish hamda kompaniya samaradorligini oshirish imkoniyatini cheklaydi.
Shu bilan birga, parvozlar sinflarini tanlashning murakkab tizimi, xarid qilinayotgan xizmatlarning muhim shartlari haqida iste’molchilarning axborotga ega bo‘lishiga salbiy ta’sir etmoqda.
Qolaversa, “Uzbekistan Airways” AJ tizimida yuk tashishni rivojlantirish qo‘shimcha daromad manbai sifatida ko‘rib chiqilmagan. Ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03% ulushni tashkil etadi, bu esa jahon miqyosidagi 35% dan ancha past bo‘lib, yuk tashish salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmagani samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat ko‘rsatish darajasi pastligiga olib kelmoqda. Natijada aeroportlarning hamkor sifatida jozibadorligi pasaymoqda.
LiveBarchasi