“Uzbekistan Airways” dunyoning 9 ta yirik shahariga parvozlarni to‘xtatadi
Jamiyat
−
20 aprel 2021
38833"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Parij, Rim, Milan, Amritsar, Mumbay, Bangkok, Tokio, Kuala-Lumpur va Jakartaga amalga oshiriladigan reyslarini yopadi. Ushbu reyslar norentabel deb topilgan.
Kecha, 19 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga aviakompaniyani transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti davomida berilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu reyslarning bekor qilinishi orqali kompaniya yiliga 12,3 million dollar tejaydi. Rejaga ko‘ra, yuqoridagi reyslar 2021 yilning may oyidan to‘xtatiladi.
Kompaniya, shuningdek, 12 ta foydalanilmayotgan samolyotlarini sotish niyatida — beshta “Il-76” va yettita ”Il-114”. Ularning taxminiy narxi 380 ming dollarni tashkil etadi. Texnikalarni sotish bo‘yicha ishlar noyabrga qadar yakunlanadi.
Shuningdek, qisqa muddatda aviakompaniya faoliyatini samaradorligini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi:
• aviakompaniya va uning tarkibiy bo‘linmalarida ish o‘rinlari sonini 20 foizga qisqartirish — 3,9 million dollar tejaladi;
• aviakompaniyaning xorijdagi 20 ta samarasiz vakolatxonalari yopiladi (Rossiyada 15 tadan 11 tasi hamda Amritsar, Mumbay, Parij, Milan, Rim, Tokio, Bangkok, Jakarta va Kuala-Lumpur) — 3,5 million dollar tejaladi;
• aviakompaniyaning xorijdagi 2 ta mintaqaviy va bosh vakillari lavozimlarini tugatish (BAA va Xitoy) — 400 ming dollar tejaladi;
• aviachiptalarni sotish bo‘yicha 5 ta bosh agentlar bilan shartnomalarni bekor qilish (Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Pokiston, Isroil va AQSH) 5 million dollar tejaladi;
• aviachiptalarni xorijda sotish bo‘yicha agentlar (IATA) komissiyasini 9 tadan 5 foizgacha tushirish — 2,9 million dollar tejaladi;
• aviayoqilg‘i moylash materillarini tender savdolari asosida xarid qilish orqali xarajatlarni qisqartirish — 18,1 million dollar tejaladi.
Aviakompaniya faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar orqali jami xarajatlarni 46,5 million dollarga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi