Uzbekistan Airports “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunni buzdi
Jamiyat
−
27 mart 2023
11385“Uzbekistan Airports” AJ “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasi talabiga zid ravishda davlat xaridlari jarayonida ishtirokchilarga raqobatni cheklovchi shartlar kiritilgani aniqlangan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish olib borganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu qonunbuzilish holatiga “Uzbekistan Airports” AJ buyurtmachiligida 2023 yil 7 fevral kuni 4,3 mlrd so‘mga jihozlar xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan.
Bundan tashqari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali buyurtmachiligida ham 2023 yil 10 fevral kuni 2,6 mlrd so‘mga “Temir-beton ustun” xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridi o‘rganilganda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10, 14, 46-moddalari talablari buzilganligi ma’lum bo‘lgan.
“Shuningdek, Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligidagi 2023 yil 10 fevral kuni 796 mln so‘mga tibbiy asbob uskunalar sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridida affillanganlik holatlariga baho berilmaganligi aniqlandi. Mazkur holatlarda xarid komissiyasi tomonidan o‘zaro affillangan ishtirokchilar xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatilmasdan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi talablari buzilgan”, deyiladi agentlik xabarida.
Qayd etilishicha, shu yil fevral oyining o‘zidayoq jami 25 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
“Agentlik tomonidan mazkur qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish hamda kelgusida shu kabi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik haqida buyurtmachilarga 26 ta taqdimnoma, shuningdek, aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi”, deya o‘z hisobotida yozgan Antikorrupsiya agentligi.
Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnoma va so‘rovnomalar natijasida 12 ta davlat xaridi bekor qilingan hamda 7 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, vazirlik va idoralar tomonidan 2023 yilning fevral oyida jami 4,35 trln so‘mlik 77 411 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan.
Shundan 234,2 mlrd so‘mlik 39 006 ta xaridlar elektron do‘kon, 25,5 mlrd so‘mlik 1 895 ta xaridlar elektron auksion, 203 mlrd. so‘mlik 2 103 ta xaridlar eng yaxshi taklifni tanlash, 107,5 mlrd. so‘mlik 521 ta xarid tender, 1,5 trln so‘mlik 9 989 ta xaridlar yagona yetkazib beruvchilar bilan, 2,28 trln. so‘mlik 23 897 ta xaridlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaklda amalga oshirilgan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan byudjet buyurtmachilari tomonidan maxsus axborot portallari orqali amalga oshirilayotgan davlat xaridlariga oid e’lonlar doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. O‘rganishlarda ayrim davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda”, degan agentlik.
LiveBarchasi