O‘zbek-tojik chegarasi minalardan tozalandi
Olam
−
04 yanvar 2020
10176O‘zbekiston Tojikiston bilan chegara qismini minalardan tozalash ishlarini yakunlaganini ma’lum qildi. Ikki davlat chegara hududini minalardan tozalash ishlari O‘zbekiston kuch va vositalari bilan amalga oshirilgan. Bu haqda AP xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston minalarni zararsizlantirishda tojikistonlik sapyorlar xizmatidan bosh tortgan, chunki ishlar O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, ikki davlat yetakchisi umumiy chegarani minalardan tozalash bo‘yicha barcha ishlar 2019 yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olishgandi.
O‘zbekiston Tojikiston bilan chegarasining tog‘li hududlarini 1990-yillar oxirida minalashtirgan edi. O‘shanda rasmiy Toshkent buni o‘z hududiga O‘zbekiston islom harakati jangarilarining kirishi oldini olmoqchiligi bilan izohlagan.
Tojikiston milliy mina markazi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 20 yil ichida O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida va Tojikistonning o‘zida minalar portlashi oqibatida 374 tojikistonlik halok bo‘lgan, 485 nafari jarohat olgan. Bunda ikki davlat chegarasida minalar portlashi oqibatida necha tojikistonlik halok bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Ta’kidlanishicha, ushbu davr ichida Tojikiston hududini minalardan tozalash vaqtida 2 nafar sapyor halok bo‘lgan, 20 nafari jarohat olgan.
LiveBarchasi