O‘zbek-qirg‘iz chegarasidan psixotrop modda olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
02 fevral 1413 2 daqiqa
O‘zbek-qirg‘iz chegarasi orqali kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining Farg‘ona viloyati Rishton tumani hududidan o‘tuvchi qismini buzib, qo‘shni davlatdan kirib kelgan Uchko‘prik tumanida yashovchi shaxs qo‘lga olingan.
Xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonida umumiy bahosi 1 mlrd 320 mln so‘mni tashkil etuvchi 9 542 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 1-qismi, 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismi va 251-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Zardeks” dori vositasi tarkibida bo‘lgan “Pregabalin” moddasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-sonli qaroriga muvofiq, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan va uning erkin muomalasi cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘izistondan qo‘y olib kirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi