O‘zbek bokschilarining Fransiya safari nihoyaladi
Sport
−
16 mart 2023
6615Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Fransiyadagi mashg‘ulotlarni yakunlandi. Bu haqda Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov QALAMPIR.UZ saytiga ma’lum qildi.
To‘lqin Qilichev murabbiyligidagi jamoa 12 kun davomida Parij shahrida o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. O‘zbekiston jamoasi bilan bir vaqtda AQSH, Kuba, Belgiya, Polsha, Lyuksemburg va yana boshqa ko‘pgina mamlakat jamoalari Fransiya poytaxtida mashg‘ulot o‘tkazdi. Bugun, 16 mart kuni charm qo‘lqop ustalarining yakuniy sparring janglari bo‘lib o‘tdi.
“Mashg‘ulotlarni yaxshi kayfiyatda yakunladik. Boshqa davlatlardan kelgan jahon chempionlari bilan tajriba almashdik. Buyog‘iga Toshkent mezbonlik qiladigan Jahon chempionatiga yakuniy tayyorgarlikni boshlaymiz. Ko‘tarinki ruhda mashg‘ulot o‘tkazib, o‘z yurtimizda o‘tadigan mundialda oltin medalni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz", deydi Bahodir Jalolov.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent mundiali 1-14 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Avvalroq, Bahodir Jalolov ushbu chempionatga ko‘pgina davlatlarning boykot e’lon qilishiga o‘z munosabatini bildirgandi.