UzAuto Motors avtomobillarini chetdan olib kirishda bojni bekor qilish taklif qilindi
Jamiyat
−
10 may 2020
20735O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni xorijda sotib olib, mamlakatga olib kirishda boj to‘lovlarini olib tashlash taklif qilindi. Bu haqdagi petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.
“O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtotransportlar eksport qilingandan so‘ng o‘sha avtomobillarni yurtimizga qayta olib kirishda boj to‘lovlarini bekor qilish maqsadga muvofiq. Xorijda ishlab chiqarilgan (inomarkalar) avtomobillarga boj to‘lovlari o‘zgarmasdan qolaversin”, deyiladi murojaatda.
Murojaat muallifining fikricha, tashqi bozor narxida milliy avtomobillarni sotib olish pul aylanmasini bir necha marotaba oshiradi.
“Xalqimiz arzon narxlarda avtomobillarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, milliy mahsulotimizni xarid qilish ko‘rsatkichi ham ortadi”, deydi petitsiya muallifi.
Yuqorida keltirilganlarni hisobga olgan holda, UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomashinalarni chetdan olib kirishda boj to‘lovlari bekor qilinishi taklif qilingan.
Qayd etishi kerakki, ushbu petitsiya allaqachon kerak bo‘lgan 10 000 ovozni yig‘ib bo‘lgan. Hozirda murojaat tegishli davlat organi tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi 9 mart kuni o‘zi ishlab chiqarayotgan (yig‘ayotgan) yengil avtomobillar narxini model va modifikatsiyasiga qarab 3 foizdan 21 foizgacha oshirgan edi. Narxlarning bu qadar keskin oshishi xalq orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqargandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi UzAuto Motors’ning avtomobillar narxini oshirganini keskin qoralab chiqqan, Shavkat Mirziyoyev ham avtomobillar narxi qimamatlashganini tanqid qilgandi. Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto Motors AJ yengil avtomobillar narxlarini oshirgani yuzasidan bayonot bergandi.
LiveBarchasi