Uzairways yo‘lovchilari 16 soat aeroportda qolib ketdi (video)
Jamiyat
−
16:05 4750 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi HY272 reysi kechikib, yo‘lovchilar 16 soatdan beri aeroportda parvozni kutayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan tarqalgan video izohlar bo‘limiga Uzbekistan Airways munosabatini yozib qoldirdi.
Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, 2026 yil 25 avgust kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY272 qatnovi texnik sabablar tufayli kechikkan.
Qayd etilishicha, texnik nosozlik yuzaga kelganidan so‘ng qatnovni zaxira havo kemasida amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Kutish vaqtida yo‘lovchilarga zarur yordam ko‘rsatilgani aytilmoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dastlab ularga salqin ichimliklar va sendvichlar, keyinchalik esa issiq ovqat uchun vaucherlar hamda suv taqdim etilgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yo‘lovchilar bitta non va bulochka olganini aytgan.
“Bitta non, bitta bulochka berib qo‘yishyapti. Yoshlar mayli, bulochka yedi. Yoshi kattalar nima yeydi? Na issiq choy berilgani yo‘q hech kimga”, degan yo‘lovchilar videomurojaatda.
Shuningdek, aviakompaniya munosabatida harakat jadvalidagi o‘zgarishlar va keyingi yangilanishlar haqidagi ma’lumotlar yo‘lovchilar hamda ularni kutib oluvchilar uchun maxsus axborot kanalida tezkorlik bilan e’lon qilib borilgani qayd etilgan. Aviakompaniya bu boradagi ma’lumotlar “uzairways_live” Telegram-kanalida berilganini bildirgan.
Uzbekistan Airways kutish vaqtining yanada cho‘zilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha zaxira havo kemasida olib kelish qatnovi tashkil etilganini ma’lum qilgan.
“Bunday uzoq davom etgan kechikish yo‘lovchilar uchun qanchalik noqulay bo‘lishini tushunamiz. Yuzaga kelgan holat uchun afsusdamiz”, deyiladi aviakompaniya bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Centrum Air aviakompaniyasiga nisbatan e’tirozli murojaatlar e’lon qilingan edi. Xususan, aktrisa Bahora Arslonova ushbu kompaniyadan chipta olib, manziliga ucha olmaganini aytib chiqqandi.
Live
Barchasi