Uysizlarni ijtimoiy markazlarga joylashtirish tartibi o‘zgardi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda Prezidentning “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 288-sonli qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.

Shuningdek, boshpanasiz shaxslarni mazkur markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab boshpanasiz shaxslar ijtimoiy markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi. Ularga vaqtinchalik boshpana berilib, markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, ular individual rejalar asosida ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi.

2026 yil 1 oktyabrdan esa ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Ularni kasbga o‘qitish uchun tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.

Qarorga muvofiq, boshpanasiz shaxslar ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida ushbu muassasa manzili bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olinadi. Shuningdek, ularni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing