Uyqusizlikni dorilarsiz qanday yengish mumkin?
Salomatlik
−
27 Oktabr 2021
8128Uyqusizlik bilan kurashda foydalaniladigan tabletkalar qisqa muddatli ta’sirga ega, ba’zi dorilar esa yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uyqusizlikning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish yaxshiroq. Bu haqda terapevt va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Fallahi Nurjahon ma’lum qildi.
“Uyqusizlik bilan dori-darmonsiz kurashishning birinchi usuli — bu to‘g‘ri rejim. Siz bir xil vaqtda uyg‘onish va uxlashingiz kerak, bu biologik soatni o‘rnatadi. Kattalar o‘rtacha yetti-to‘qqiz soat uxlashi kerak. Efir moylari bilan vanna ham bunga yordam beradi. Buning uchun vaqt bo‘lmasa, iliq dush qabul qilish kifoya. Asosiysi, dush yoki hammomni yotishdan ikki soat oldin qabul qilish kerak. Toza havoda sayr qilish ham foydali. Bunga yarim soat yetarli, issiq mavsumda esa bir yarim soatgacha aylanish mumkin”, degan shifokor.
Shifokor, shuningdek yotishdan oldin og‘ir ovqatlardan voz kechish kerakligini aytgan. Unga ko‘ra, bunday vaqtda yengil tamaddi kifoya qiladi: yogurt, banan, romashkali choy.
Mutaxassis muntazam jismoniy faollik talab etilishini ta’kidlagan: suzish, raqsga tushish, yugurish, sport zalida soat 19:00 gacha mashq qilish.
“Hech qanday holatda o‘zingizni uxlashga majburlamang — bu tashvish va asabiy taranglikni kuchaytiradi. Agar yarim soat davomida uxlay olmasangiz, sokin musiqa tinglashga yoki kitob o‘qishga harakat qiling. Uxlab qolayotganingizni his qilsangiz, darrov yoting. Yotoqxonada optimal namlik 50-60 foizni tashkil qilsa, maqsadga muvofiq. Harorat 17-20 daraja bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan terapevt.
LiveBarchasi