Uyqu sifatini yaxshilash usullari ochiqlandi
Salomatlik
−
18 iyun
12849Havo tez-tez almashib turadigan xonada uyqu sifati yaxshi bo‘ladi. Bu haqda Daniya texnika universiteti tadqiqotchilari uyqu sifatini yaxshilashning oddiy usulini aniqlash maqsadida o‘tkazgan tajribasida ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, tajriba 4 hafta davom etgan bo‘lib, unda havo tozalagich yordamida shamollatilgan xonalar va 29 kishi ishtirok etgan. Tajriba jarayonida olimlar uyqu sifatini yaxshilashga erishish uchun asosiy e’tiborni xonadagi moddalar miqdoriga qaratdi. Unga ko‘ra, agar xonada havo almashishi qanchalik tez bo‘lsa, uyqu sifati ham ancha yaxshilanishi kuzatilgan.
Ta’kidlanishicha, xonani tez-tez shamollatish kechasi uyg‘onish tezligini kamaytiradi.
Shuningdek, tadqiqotda ishtirok etgan olimlardan biri Pavel Vargocki xonalardagi ventilyatsiya darajasi kognitiv imkoniyatlarga ta’sir qilishiga ham e’tibor qaratgan.
“Yotoqxonadagi havoning tozaligi diqqatni jamlash, tushunish va reaksiyaga kirishish kabi kognitiv qobiliyatlaringizga ta’sir qiladi. Yaxshi shamollatilgan yotoqxonada uxlash kognitiv qobiliyatlaringiz aktivlashishiga yordam beradi”, deydi u.
Mutaxassislar agar ko‘chada havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lsa, uy ichida derazalar yopilgan holda maxsus havo tozalagich qo‘llashni tavsiya qilgan.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar kelajakda kattaroq guruh bilan tajriba o‘tkazish orqali namlik va karbonat angidrid zichligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni yaqindan o‘rganishni maqsad qilganliklarini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya shtatidagi Nyuman universiteti tadqiqotchilari insonlar nima uchun tez-tez qo‘rqinchli tushlar ko‘rishi va ularning mazmuniga qanday omillar sabab bo‘lishi borasida tadqiqot o‘tkazgandi.
LiveBarchasi