Uyi buzilganlarga ijara puli berilmayapti, uylar kechikyapti

Jamiyat

image

Bundan bir necha kun avval, to‘g‘rirog‘i 22 fevral kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Shayhontoxur tumani “Suzuk ota” mahalla fuqarolari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazgan. Bu haqdagi xabar oradan 4 kun o‘tib Toshkent shahar hokimligidan ma’lum qilinmoqda. 

Xabarda qayd etilishicha, Shayhontoxur tumani hokimligi “Suzuk ota” mahallasining fuqarolari bilan 1 yildan buyon doimiy muloqot olib bormoqda. 

Toshkent shahar hokimi bilan o‘tgan uchrashuv davomida fuqarolar qurilish ishlari muddatidan ancha o‘tib ham bitmayotganini, ijara puli bir necha oylar davomida ham to‘lanmayotganini ta’kidlaganlar. Fuqarolar murojaati tinglangach, qurilish rahbari ham o‘sha kundayoq uchrashuvga chaqiritirilgan. Ortiqxo‘jayev fuqarolar taqdiriga loqaydlik bilan qaragan shaxsga nisbatan qattiq ogohlantirish bergan. 

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tarqatilgan xabarda fuqarolarning ijara masalasidagi murojaati ham e’tiborsiz qolmagani aytilmoqda. Ushbu muammo hokimlik ko‘rsatmasi asosida bartaraf etilib, shu kundayoq fuqarolarga ijara pullari berilgan. 

Uchrashuv so‘nggida qurilish rahbari fuqarolarga 7 qavatli uylar mart oyining so‘nggida, 12 qavatli uylar esa iyul oyida topshirilishini ta’kidlagan. 

Joriy yilning 18 fevral kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida va Markaz-1 hamda Markaz-2 hududlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari bilan uchrashgandi. Toshkent shahar hokimligi tomonidan uchrashuv haqida tarqatilgan axborotda, muloqot o‘ta sokin o‘tgani bayon qilingan. Asl haqiqat esa ijtimoiy tarmoqlar, xususan Facebook’da tarqalgan videolardan ayon bo‘ldi. Unda aholi vakillari mas’ullardan noroziligini baralla aytgan. Umid qilamizki, Shayxontohur tumanidagi uchrashuv ham shunday o‘tmagan. 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Suzuk ota mahallasi

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing