Uyda o‘qiladigan namoz, onlayn tabriklar, komendantlik soati – dunyo musulmonlari Iyd al-Fitrni qanday kutib olmoqda?

Jamiyat

image

Muqaddas Ramazon oyining har bir kuni shukuhli. Bu oyda qalblar yumshaydi, insonlarning bir-biriga mehri ortadi. Eng avvalo, Yaratganini taniydi. Shu bois uni kuzatishda ham chiroyli bayram qilinadi. Iyd al-Fitr ana shunday ayyomdir. Bu kunda tong o‘zgacha kiradi, hovli, ko‘cha, mahalla, shahar – butun dunyoda omonlik kuni bo‘ladi. Odamlar bayram bilan bir-birini qutlagan, keksalar va bemorlarning ko‘ngli ovlangan, bolalar xursand, xullas, butun borliq quvonchga to‘ladi. 

Ammo bu yilgi Ramazon xayiti koronavirus pandemiyasi sababli o‘zgacha tartibda o‘tadigan bo‘ldi. Tartibi shundaki, bayram namoziga masjidlarga chiqilmaydi, bayramni barcha uyida, oila a’zolari qurshovida o‘tkazadi. Bu narsa bayram shukuhiga ta’sir ko‘rsatsa-da ammo unutmaslik kerak: birinchidan, bu o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligi xavfsizligi uchun zarur bo‘lsa, ikkinchidan bu tartib butun dunyo musulmonlari uchun tavsiya etilmoqda. Keling, misollar orqali dunyo musulmonlari Ramazonni qanday kutib olganlari va Iyl al-Fitr bayramini qanday qarshilashlari haqida so‘z yuritsak.

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi bu yil muqaddas Ramazon oyi tugashi munosabati bilan mamlakatdagi masjidlarda bayramona ibodat o‘tkazilmasligini ma’lum qildi. Har bir musulmonga o‘z uyida ibodat qilish tavsiya etildi. Mamlakatda karantin cheklovlari sabab juma va besh vaqt namozlarni masjidda o‘qishga taqiq e’lon qilingan edi. Jumladan, masjidlarda faoliyat yuritadigan oshxonalar ham vaqtinchalik yopilgan edi. 

Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi ham mamlakat masjidlarida Xayit namozlari o‘qilmasligini ma’lum qildi. Mamlakatda karantin sabab masjidlar yopilmagan, ammo u yerga faqatgina imomlargagina, da’vat ishlarini olib borishlari uchun ruxsat berilgan edi. 


Ushbu davlatlar sirasiga Turkiyani ham qo‘shish mumkin. Iyd al-Fitr bayrami paytida koronavirus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatda to‘rt kunlik izolyatsiya joriy etildi. Fuqarolarga shanba kunidan boshlab ko‘chalarga chiqish taqiqlanadi. Odatda ushbu bayram munosabati bilan Turkiyaga har yili 5 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Bu esa, o‘z navbatida, davlatga 1,6 milliard dollar qo‘shimcha foyda keltiradi. Ammo ayni damda pandemiya qoidalari sifatida mamlakatga kirish taqiqlangan. Masjidlar 29 may kuni ochilishi rejalashtirilgan, ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan Iyd al-Fitr bayramida ular ochilmaydi.

Yoki musulmon aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi Misr davlati ham bu borada tegishli ravishda taqiqlovlar qo‘ydi. Iyd al-Fitr bayrami davomida virus tarqalishining oldini olish uchun jamoat transporti to‘liq to‘xtaydi. Savdo va ko‘ngilochar markazlar, sayr, plyajlar, istirohat bog‘lari va restoranlar yopiladi. Hozir soat 21: 00 da boshlanadigan komendantlik soati 17: 00 dan 06: 00 gacha o‘zgartiriladi. Bundan tashqari, 30 maydan boshlab Vazirlar Mahkamasi jamoat joylarida tibbiy niqoblarni majburiy chora sifatida joriy etishga qaror qildi. Cheklov choralari iyun oyining o‘rtalarigacha davom etadi.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarida Xayit bayrami paytida koronavirusning oldini olish bo‘yicha maxsus ko‘rsatmalar belgilandi. Jumladan:

1. Mehmondorchilik va uchrashuvlar taqiqlanadi, qarindoshlarning tabriklari telefon va internet orqali qabul qilinadi.

2. Savdo markazlarida ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtga ruxsat beriladi (bolalar va keksalarga savdo markazlariga kirish taqiqlanadi);

3. Bolalarga naqd pul berish taqiqlanadi;

4. Ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan, uch kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlarga sport bilan shug‘ullanish;

5. Namozni faqat uyda, oilasi bilan o‘qish mumkin;

6. Niqob taqish va qo‘llarni tez-tez yuvib turish shart etib belgilandi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shaxsan o‘zi Rossiya musulmonlarining o‘zini o‘zi yakkalash rejimiga rioya qilishlarini so‘radi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Xayit bayrami paytida uyda qolishga chaqirdi. Dog‘iston rahbariyati va Muftiylar kengashi va Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari Ravil Gaynutdin ham xuddi shunday murojaat bilan chiqishdi.

Bu kabi xavfsizlik chora-tadbirlari dunyo musulmoni istiqomat qiluvchi deyarli barcha mamlakatlarda amalga kiritilmoqda. Chunki bugungi kun talabi, insonlarning salomatligi yo‘lidagi mas’uliyat ham ana shuni talab etmoqda. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi bayram kuni uyda qolishni tavsiya etib , jumladan, shunday dedi: “Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin!”.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing