Uyda kir yuvish mashinalarining bo‘lishi iqtisodiy faol ayollar sonini oshiradi – tadqiqot
Jamiyat
−
01 iyun 2023 6001 3 daqiqa
Uyda kir yuvish mashinalarining bo‘lishi iqtisodiy faol ayollar sonini oshiradi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ayollarning kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qilishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kir mashinasida kir yuvish uchun ayollar o‘rtacha 17 daqiqa vaqt (kirni saralab mashinaga solish va undan so‘ng qurishi uchun osish) sarflaydi. Kiyimlarni qo‘lda yuvish kir yuvish mashinasidagiga qaraganda ko‘proq mehnat talab qilib, o‘rtacha 1,5 soatdan 2,5 soatgacha davom etadi.
Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistondagi har 100 ta uy xo‘jaligining 95 tasida kir yuvish mashinasi bor. Kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi Sirdaryo viloyatida eng past – 83 ta, Toshkent shahrida esa eng yuqori – 128 ta.
Ta’kidlab o‘tish joizki, Statistika agentligining uy xo‘jaliklari so‘rovida kir yuvish mashinalarining turi (avtomat, yarim avtomat) yoki qanday maqsadlarda foydalanilishi (qishloqlarda sutdan qaymoqni ajratish maqsadlarida ham foydalaniladi) so‘ralmaydi va shahar-qishloq kesimida ma’lumotlar keltirilmaydi.
“Shuning uchun uy xo‘jaliklarining 100 tadan 96 tasida avtomat kir yuvish mashinasi bor va ulardan aynan kir yuvishda foydaniladi, deyish biroz mushkul”, deyiladi xabarda.
Keltirilishicha, o‘zbekistonlik ayollarning iqtisodiy faollik darajasi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan past (43 foiz). Buning asosiy sababi ular ko‘p vaqtini uy ishlariga sarflashi qayd etilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iqtisodiyotda band bo‘lgan o‘zbek ayollari uy ishlariga kuniga 4 soat vaqt ajratadi.
“O‘zbek ayollarining bo‘sh vaqti juda oz ekanini isbotlovchi yana bir ko‘rsatkich ularning farzandlariga ko‘p vaqt ajrata olmasligidir. Misol uchun bor yo‘g‘i 36,8 foiz ayollar farzandlariga turli xil kitoblarni o‘qib berishini, 37,4 foiz ayollar farzandlari bilan o‘yinlar o‘ynab, dam olishini bildirgan”, deydiladi tadqiqotda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik darajasi 1 foizga oshishi iqtisodiy faol ayollar sonini 1,9 foizga yoki 122 ming nafarga oshirishadi. Shuningdek, uy xo‘jaliklarining shaxsiy kompterlarga ega bo‘lishi ham ayollarning iqtisodiy faolligiga ijobiy ta’sir qilishi tahlil natijalariga ko‘ra aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, avtomat kir yuvish mashinasidan foydalanish bir haftada o‘rtacha 4 soat vaqtni tejashda yordam beradi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda kir yuvish mashinasini xarid qilish uchun (iste’mol krediti) kreditning yillik foiz stavkasi 25 foizdan boshlanadi. Bo‘lib berish tartibida xarid qilinganida tannarxidan kamida 40 foiz qimmatga tushadi. Shularni inobatga olgan xolda, aynan kir yuvish mashinasini xarid qilish istagidagidagi ayollar uchun maxsus yillik foiz stavkasi markaziy bank tomonidan belgilangan moliyalashtirish stavkasi miqdorida bo‘lishi taklif etiladi”, deya taklif bildirgan mutaxassislar.
Live
Barchasi