“Uyatli odat”. Turkistondagi uydan 2 tonna nosvoy topildi (video)
Olam
−
18 dekabr 5107 1 daqiqa
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida politsiya xodimlari mahalliy fuqaroning uyida yashirin ishlab chiqarish sexini aniqlab, 2 tonna nosvoyni musodara qildi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Keles tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari mahalliy fuqaroning uyida nosvoy ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sexni fosh etgan.
Uy hovlisidagi xo‘jalik binosida yashovchi keksa erkakka tegishli 40 qop nosvoy aniqlangan bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi taxminan 2000 kilogrammni tashkil etgan. Shuningdek, nosvoy tayyorlash uchun mo‘ljallangan uskunalar ham topilgan. Mazkur holat yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Yurtimizda nosvoy sog‘liq uchun zararli ekani va uyatli odatlar qatoriga kirishi bir necha bor ta’kidlangan. Shu munosabat bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi. Politsiya aholi o‘rtasida nosvoy iste’molining zarari va uni sotish taqiqlangani haqida targ‘ibot ishlarini davom ettirmoqda”, deyiladi IIV xabarida.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2015 yildan buyon nosvoy ishlab chiqarish va uni tarqatish taqiqlangan. Mamlakatda nosvoy sotganlar 92 ming tengedan ortiq jarimaga tortiladi.
Live
Barchasi