Uy-joy qurilishi ham klasterlar qo‘liga o‘tadi
Jamiyat
−
02 dekabr 2021
8829Har bir hududda uy-joy qurilish klasterlari tashkil etiladi. Kelgusi yilda uy-joy qurilish klasterlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollar resurs jalb qilishga ko‘rsatma berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z yuritildi.
Ushbu klasterlarda xomashyodan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarish zanjiri, loyihalashtirish, zamonaviy texnika va malakali mutaxassislari bor qurilish tashkiloti, sifatni nazorat qilish laboratoriyasi bo‘lishi shart etib belgilanadi.
Shuningdek, mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Forish, Sariosiyo, Buloqboshi, Qorovulbozor, Paxtachi, Chust, O‘zbekiston, Ohangaron va boshqa tumanlarda yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Kelgusi yilda qurilish materiallariga ixtisoslashgan 24 ta tumanda geologiya ishlarini o‘tkazishga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda aholi mablag‘larini qurilishga jalb qilish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilishi haqida ham so‘z bordi. Aholi mablag‘larini qurilishga jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi “maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etiladi.
LiveBarchasi