Ipoteka krediti olish osonlashtiriladi
Jamiyat
−
02 dekabr 2021
19608Ipoteka kreditini olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafil bo‘lishiga ruxsat beriladi. Bugungi kunda faqat yaqin qarindoshlar kafil bo‘la oladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.
“Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab bo‘lsa, yana qo‘shimcha resurs ajratiladi”, dedi Prezident.
Bundan tashqari:
• ipoteka kreditlari va subsidiya olishda, uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar ipoteka kreditlari shartlaridan chiqarib tashlanadi;
• ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi;
• ehtiyojmand aholi tomonidan kreditni qaytarishda foizning davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil - 10 foiz etib belgilanadi (hozirda viloyatlarda 10 foiz, Toshkent shahrida 12 foizdan yuqori qismi qoplab berilmoqda);
• subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta’mirlash uchun olingan kreditlar uchun ham beriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda qurilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi, unga ko‘ra, Bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligida respublika shtabi va viloyat shtablari tuzilishi haqida xabar bergan edik.