Prezident Jizzaxda qulagan uy voqeasini yodga oldi
Jamiyat
−
02 dekabr 2021
10744Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda Prezident o‘tgan yili Jizzaxda qurilishi yakunlanmagan uyning qulagani bilan bog‘liq voqeani esga olib, qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish va tanish-bilishchilikka barham berish kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumki, “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi tomonidan Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida ko‘p qavatli bino qurilish ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilning 10 yanvar kuni ushbu bino qurilishi oxiriga yetmay turib qulagan. Hodisa Prezident Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi oldidan sodir bo‘lgandi.
Prezident ayni vaqtda o‘tayotgan yig‘ilishda viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanmaslik kerakligini aytib, ogohlantirdi.
"Buning salbiy oqibatlarini Jizzax misolida hamma ko‘rdi", deb ta’kidlaydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Jizzaxdagi hodisa ortidan viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Mamlakat Bosh prokuroriga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018 yilda lavozimga tayinlangach, uyushgan jinoiy guruh tuzib, qariyb 20 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Xususan, 2018—2020 yillarda Rahmonqulov jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu hozirgacha tergovda aniqlangani.
“Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi “Eski shahar” buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi. Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda”, degan edi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Ma’lumot uchun, Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi Akrom Rahmonqulovga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.