O‘tinib kechirim so‘rayman! – G‘aniyev (video)
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
13600Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi – senator Shuhrat G‘aniyev o‘tkazgan yig‘ilishdagi nutq muhokama qilindi.
Yig‘ilishni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yig‘ilishda senatorlar va komissiya a’zolari Shuhrat G‘aniyevga chora ko‘rish kerakligini talab qildi. Komissiya majlisi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham ishtirok etdi. U ham so‘zga chiqib, aybini tan olishini aytdi.
“Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri muhokama bo‘lmoqda. Ochig‘ini aytish kerak, men har qanday jazoga loyiqman. Chunki aybini o‘z vaqtida tan olish – kelajakda to‘g‘ri xulosa chiqarishga yo‘l belgilab beradi. Albatta, ota-ona ham, avlodlarim ham milliy libosda kiyinadi. Men ham o‘z uyimda milliy libosda kiyinaman. Odamning quyushqondan chiqib ketishi yoki o‘zini bosa olmasligi, albatta, o‘zimning aybim. Men aybdorman, imkoniyat bersanglar, faqatgina mehnat qilaman. To‘g‘ri, mehnat qilishda ham hamma narsaning xulosasi bor”.
G‘aniyev so‘zida davom etarkan, bo‘lib o‘tgan voqealardan xulosa qilganini aytadi va yana bir bor kechirishlarini so‘raydi.
“Avvalo men menga yuksak ishonch bildirgan Muhtaram Prezidentimizdan o‘tinib-o‘tinib kechirim so‘rayman. Hurmatli senatorlar, sizlardan kechirim so‘rayman. Imkoniyat bersanglar, xulosa qilaman. Aybdorman va aybimni tan olaman”.
Xo‘sh, hokimlarga boshqalarni haqorat qilish, qonunga qarshi borib xatti-harakat qilish vakolati berilganmi? Yo‘q, albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham hokimlarning xatti-harakatlari va muomala madaniyatini bir necha bor tanqid qilgan edi. G‘aniyev qilgan ishlari vakolatiga zid ekanini quyidagicha tan oladi:
“Albatta, hech kimga bunday vakolatlar berib qo‘yilmagan. Rahbar har qanday joyda o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchdan xulosa qilib, o‘zini bilishi kerak. Har qanday jazoga loyiqman. Ming bor uzr!”
Eslatib o‘tamiz, Shuhrat G‘aniyev o‘zi o‘tkazgan yig‘ilishda “Hurmatli hokimlar, eshitib olinglar. Birortang majlis qilsang, men borsam, o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam, mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, jamoatchimi u, deputatmi u, o‘sha ro‘molini olib og‘zingga tiqib qo‘yaman”, deb baqirgan. Ayni vaqtda hokimning ushbu gaplari keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev qat’iy ogohlantirildi va unga 3 oy muhlat berildi.
LiveBarchasi