“O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” Babayan “Navbahor” bilan shartnomasini uzaytirdi 

Sport

image

Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiy Samvel Babayan bilan o‘rtadagi kelishuvni uzaytirdi. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, namanganliklar Samvel Babayan bilan 2025 yilga qadar amal qiladigan kelishuv imzolagan. Bitimning boshqa tafsilotlari har doimgidek ochiqlanmagan.

Ta’kidlash kerakki, Babayanning murabbiylik faoliyati bilan bog‘liq turli-xil munozarali fikrlar mavjud. U futboldagi faoliyatini aynan Namanganning “Navbahor” klubida boshlaganini e’tirof etish kerak. Babayan “lochinlar” safida ilk marta 1996 yildan 2001 yilgacha faoliyat olib borgan. 2001-2002 yillarda esa Samvel Vyacheslavovich futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasida menejer sifatida ishlagan.

Albatta, Samvel Babayaning “qiyg‘os gullagan” davri Toshkentning “Paxtakor” klubida o‘tgan. U 2002-2014 yillarda “sherlar”ning vitse-prezidenti sifatida javlon urgan. Samvel Vyacheslavovich Babayan 2014 yilda faoliyatida tub burilish qilib, rasmiy ravishda “Paxtakor” bosh murabbiyiga aylandi. Darhaqiqat, Babayan murabbiy bo‘lgan mavsumdayoq “sherlar” O‘zbekiston chempionatida zafar quchdi.

“Paxtakor”dagi faoliyati orqali ko‘zga ko‘ringan Babayan 2015 yilning 23 iyunida Mirjalol Qosimovning o‘rniga futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga keldi. Hech qachon murabbiylikdagi xislatlari bilan ajralib turmagan qahramonimiz O‘zbekiston terma jamoasi bilan 2018 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi. Babayan 2017 yilning 7 noyabriga kelib, O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidan chetlashtirildi. 

2018 yilning 15 yanvarida O‘zbekiston futbol federatsiyasining (hozirgi O‘FA) 3-sonli qaroriga ko‘ra, Samvel Vyacheslavovich Babayan futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan butun umrga chetlatildi. Sabab sifatida, “Paxtakor” klubi futbolchilarning shartnomalarini o‘zgartirgani keltirilgan. Ya’ni, Babayan “Paxtakor”ga yangi rahbarlar kelishini bilgach, shartnomasi 2018 yilda yakunlanadigan futbolchilarning bitimini 2017 yilda tugaydigan qilib o‘zgartirgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad futbolchilarni sotib, moddiy manfaat ko‘rish bo‘lgan.

Butun umrga futboldan chetlatilgan “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” Babayan futbolga qaytishning uddasidan chiqdi. Albatta, u hech qachon kuchli murabbiy sifatida tan olinmagan bo‘lishi mumkin, lekin uddaburon va ishbilarmonligi bilan tillarga tushgan. Shuning uchun, Samvel Vyacheslavovich Babayanning O‘FFning (hozirgi O‘FA) qarorini chetlab o‘tganining hech qanday ajablanarli joyi yo‘q.

Futbolga qaytgach, Babayan Latviyaning “Spartak” (Yurmala) klubida ishladi. Uning bu jamoadagi faoliyati ham unchalik omadli chiqmagan. Shundan so‘ng, Samvel Babayan Toshkentning "Lokamativ" klubida ish boshladi. “Temiryo‘lchilar” safidagi qisqa muddatli sarguzashtlari yakunlangach, Babayanga Xitoyning “Chanchun Yatay” klubi o‘z eshiklarini ochdi.

Xitoyni “zabt eta olmagan” Babayan 2021 yilning 10 iyulida “Navbahor”da maslahatchi murabbiy sifatida ish boshladi va u tez orada bosh murabbiylik kursisini ham egalladi. Hozirda, 51 yoshli mutaxassis boshchilik qilayotgan “lochinlar” futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining joriy mavsumida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Namanganliklar Superliganing ortda qolgan 15 ta turidan so‘ng, 31 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Samvel Babayan “Paxtakor” “Navbahor”

Baholaganlar

63

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing