Usmonovning “Dilbar” superyaxtasida tintuv o‘tkazildi

Olam

image

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish ayblovlarini tekshirayotgan Germaniya politsiyasi unga tegishli bo‘lgan “Dilbar” superyaxtasida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda kecha, 27 sentyabr kuni BBC mamlakat prokuraturasiga tayanib xabar berdi. Usmonovning matbuot xizmati yaxta unga tegishli emasligini aytmoqda.

Prokuror bayonotida kema va uning egasi nomi aytilmagan, biroq u 69 yoshli rossiyalik tadbirkor ekani va tintuv o‘tgan hafta politsiya Usmonov nomidagi villada tintuv o‘tkazgan tergovning bir qismi bo‘lgani aytilgan. Oligarx matbuot xizmatining bayonoti gap “Dilbar” yaxtasida tintuv haqida ketayotganini tasdiqlaydi.

Usmonov Rossiya davlati bilan aloqalari tufayli Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, uning Yevropadagi aktivlari muzlatilgan va Ittifoq hududida sayohat qilishi taqiqlangan.

Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiya hujjatlarida “kremlparast oligarx” va “Vladimir Putinning sevimli oligarxlaridan biri” sifatida tasvirlangan.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, yaxta egasi jinoiy huquqbuzarliklar, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashdan olingan mablag‘larning kelib chiqishini yashirish maqsadida 2017-2022 yillar oralig‘ida millionlab yevrolik moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirganlikda gumon qilinmoqda.

Germaniyada boyligi taxminan 14,6 milliard dollarga teng Usmonovga oid ikkita alohida tergov ishi yuritilmoqda.

Federal jinoiy politsiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yaxtaning narxi yarim milliard yevroni tashkil qiladi.

Aprel oyida Germaniya rasmiylari kema Usmonovga aloqadorligi rasman tasdiqlangach, superyaxtani qo‘lga oldi. Ayni vaqtda Germaniya federal politsiyasi kema Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaga tegishli ekanligini aniqlagan.

Usmonovning matbuot xizmati kecha kechqurun bayonot chiqarib, yaxtaning oligarxga aloqadorligini qat’iyan rad etdi. Usmonov vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda yaxta Sisters Family tresti balansiga o‘tkazilgan, undan foyda oluvchilar orasida Usmonovning singlisi Gulbahor ham bor edi. Biroq, Yevropa sanksiyalari kiritilgandan so‘ng, u benefitsiarlar qatoridani chiqarildi, jamg‘arma mustaqil boshqaruvchi tomonidan boshqariladi.

Bayonotda, shuningdek, “so‘nggi bir necha yil ichida” Usmonov yaxtadan ijara asosida foydalangani, buning uchun u bozor shartlarida pul to‘lagani, bu tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangani aytiladi.

“Shunday qilib, janob Usmonov ham, uning singlisi ham, qarindoshlaridan birortasining ham hozir bu mulkka aloqasi yo‘q.

O‘tgan oylar davomida takror aytyapmiz, Alisher Usmonov ushbu oilaviy jamg‘armalarni yaratib, o‘z mulkining bir qismini ularga o‘tkazar ekan, maqsad o‘z yaqinlari va ularning oila a’zolarining farovonligini ta’minlash bo‘lgan, mol-mulkni yashirish emas”, deyiladi matbuot xizmati izohida.

Qayd etilishicha, mol-mulkni oilaviy fondlarga o‘tkazish amaldagi jahon amaliyotiga muvofiq mutlaqo qonuniy tartibda amalga oshirilgan.

Avvalroq, Germaniya politsiyasi uning villalarida tintuv o‘tkazgani va noyob buyumlarni topgani haqida xabar bergan edik. Topilmalar orasida qimmatbaho Faberje tuxumlari ham bor.

Alisher Usmonov AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. U Rossiyadagi oltinchi boy, Metalloinvest va Megafon kompaniyalarining egasi. Uning boyligi sanksiyalar joriy qilinganidan keyin 21,6 milliard dollardan 18,9 milliard dollarga tushib ketdi. Avvalroq Germaniya Usmonovning 750 million dollarlik Dilbar superyaxtasini hibsga olgan edi. 

Bahorda Usmonov Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban unga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llash qarori ustidan shikoyat qilgan. Usmonov 29 aprel kuni YeI Bosh sudiga apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilib, sudyalar yakuniy qarorga kelguniga qadar sanksiyalarni to‘xtatib turishni so‘ragan. 

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bo‘yicha sud jarayoni bir necha yil davom etishi va kamdan-kam hollarda ular qaratilgan shaxslarning g‘alabasiga olib kelishi mumkin. Xususan, qochoq Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li 2014 yildan beri, hattoki ularni 2020 yilgi sanksiyalarga kiritish bo‘yicha sudlarda g‘alaba qozonganidan keyin ham Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida qolmoqda. 

16 sentyabr holatiga ko‘ra, Germaniya kamida 4,88 milliard yevrolik Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made