USAID Trampni sudga bermoqchi
Olam
−
07 fevral
3620AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) uni tugatish haqida taklif bergani uchun Prezident Donald Tramp va uning ma’muriyati a’zolari ustidan sudga murojaat qilmoqchi. Bu haqda NPR xabar berdi.
Qayd etilishicha, da’vo arizasida USAID’ni tarqatib yuborish bo‘yicha harakatlar konstitutsiyaga zid va noqonuniy bo‘lgani hamda Amerika yetakchisi prezidentlik vakolatlaridan oshib ketgani ta’kidlangan.
“Ushbu harakatlar USAID xodimlari, grant oluvchilar va pudratchilarning muhim ishlarini keskin to‘xtatib, global gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. Ular minglab amerikalik ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib keldi”, deyiladi xabarda.
Tashkilotning ta’kidlashicha, USAID’ning to‘xtatilishi AQSH milliy xavfsizligiga tahdid solishi va minglab amerikalikning ish joylarini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin.
Qayd etilishicha, ayblanuvchilar orasida Oq uydagi shaxslardan tashqari Davlat kotibi Marko Rubio va Moliya vaziri Skott Bessantning ham ismlari ko‘rsatilgan.
“Reuters” agentligi kecha, 6 fevral kuni kechqurun Donald Tramp ma’muriyati USAID xodimlari sonini 10 ming nafardan 290 nafargacha qisqartirish niyatida ekanini ma’lum qildi. Nashrning anonim manbalariga ko‘ra, haydalmagan kichik xodimlar sog‘liqni saqlash va gumanitar yordamga ixtisoslashgan ishchilarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) AQSH hukumati tarkibiga kiruvchi mustaqil agentlik bo‘lib, boshqa mamlakatlarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. U 1961 yilda tashkil topgan va turli agentliklarning funksiyalarini birlashtirgan. Garchi rasmiy jihatdan mustaqil davlat agentligi bo‘lsada, USAID AQSH Prezidenti, Davlat kotibi va Milliy xavfsizlik kengashiga bo‘ysunadi. USAID’ning asosiy faoliyati iqtisodiy rivojlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, gumanitar yordam, demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va AQSH xalqaro siyosiy maqsadlarini ilgari surishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashuv chog‘ida USAID orqali xorijiy yordam ajratishni davom ettirishga chaqirgandi. Microsoft asoschisi hozircha AQSH qaysi xorijiy yordam dasturlarini davom ettirishini aniq bilmasligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, USAID’ga o‘xshash tashkilotni qayta yaratish Qo‘shma Shtatlar uchun juda qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, Bill Geyts agentlikni yopish tashabbuskori bo‘lgan Ilon Mask bilan hali uchrashmaganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart