USAID COVID-19 ga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga 2,5 mln dollar ajratdi
Jamiyat
−
13 noyabr 2021
3125AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratdi. Bu haqda O‘zbekistondagi Amerika elchixonasi ma’lum qildi.
Shu tariqa, O‘zbekistonning COVID-19 ga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga AQSH hukumatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shgan umumiy hissasi 16 million dollardan oshdi. USAID ushbu qo‘shimcha mablag‘ni dori vositalari sifatini ta’minlash va mamlakatda vaksinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun yuqori darajadagi texnik yordam ko‘rsatishga sarflaydi.
“O‘zbekistonda to‘liq emlanganlar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ammo pandemiya hali tugamadi – virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va yangi variantlar global miqyosda doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiyaga barham berish barchaning xavfsizligini ta’minlash, hayotlarni saqlab qolish va global iqtisodiyotni tiklash uchun juda muhim. “Vaksinalar bunda asosiy yechim bo‘lib, Bayden ma’muriyati bu harakatga sodiqligini yaqinda Qo‘shma Shtatlarning butun dunyo bo‘ylab 200 million dozadan ortiq COVID-19 vaksinasini xayriya qilganini e’lon qilishi orqali namoyon etdi”, deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.
COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kengaytirish, tuberkulyoz va boshqa salomatlik tahdidlariga qarshi kurashish, erta ta’lim bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga javob berishda hukumat salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.