Urushning eng og‘ir bosqichi yil oxirigacha tugashi mumkin – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2024 yilning oxirigacha urushning qiyin davri yakunlanishi mumkinligini tan oldi. Bu haqda Prezident BBC'ga bergan intevyusida so‘z ochdi.

“O‘ylaymanki, agar biz hamjihatlikda harakat qilsak va tinchlik sammiti formatiga amal qilsak, urushning qizg‘in bosqichiga yil oxirigacha barham berishimiz mumkin”, deydi Ukraina rahbari.

Zelenskiy, shuningdek, rasmiy Londonni Rossiya hududidagi zarbalar bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashda yordam berishga chaqirgan. U agar Kiyevning ittifoqchilari Moskvaga bosim o‘tkazsa, urush diplomatik yo‘l bilan muzokaralar stolida tugatilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Bu barcha hududlarni jangda zabt etish kerak degani emas, men bunga diplomatiya orqali erishishni xohlayman”, degan u intervyuda.

BBC bilan suhbatda Ukraina Prezidenti yana bir bor ta’kidladiki, Rossiya hujumlarini qaytarish uchun Kiyev Rossiya hududida G‘arb qurollarini masofani cheklamay qo‘llash uchun ruxsat olishi kerak. U bunday ruxsatni Buyuk Britaniya yordamida olishga umid qilmoqda.

“Shunchaki ular bizga qarata o‘q uzayotgan nuqtaga aniq zarba berishni istaymiz”, dedi Zelenskiy.

Bundan tashqari, Zelenskiy shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari vaqtida AQSH ma’muriyatining ehtimoliy o‘zgarishiga ham izoh berib, Kiyev bu lavozimga kim saylanishidan qat’i nazar, AQSHning istalgan prezidenti bilan ishlashga tayyorligini aytdi.

“Agar Donald Tramp g‘alaba qozonsa, uning ma’muriyati bilan hamkorlik qilish og‘ir kechadi, lekin biz mehnatkashmiz va mehnatdan qo‘rqmaymiz”, deb ta’kidladi Zelenskiy.

Trampning, agar Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga saylansa, Ukrainaga harbiy yordam berishga qarshi bo‘lgan Ogayo shtatidan senator Vensni vitse-prezident etib tayinlash haqidagi qaroriga ishora qilib, Zelenskiy:

“Balki u haqiqatan ham Ukrainada nimalar bo‘layotganini tushunmayotgandir, nima bo‘lganda ham biz AQSH bilan ishlashimiz kerak”, degan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Britaniya hukumati yig‘ilishida ishtirok etgandi. Shuningdek, u Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tqazishi uchun butun dunyo unga bosim o‘tkazishi kerakligini aytgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya BBC Vladimir Zelenskiy intevyu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing