Urushni tugatishda Yevropaning AQSHdan umidi katta – Zelenskiy
Olam
−
13 fevral 896 2 daqiqa
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bu yil Rossiya–Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlikni yanada yaqqol ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Anjumanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer kabi yetakchilar ishtirok etadi. Biroq yevropalik rasmiylar aniq natijalardan ko‘ra birdamlik bayonotlari ustun bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Vashington Kiyev va Moskva o‘rtasida urushni yakunlash bo‘yicha umumiy kelishuvga erishilmaguncha, Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini rasman tasdiqlamaydi. Rossiyaning Donbass hududi ustidan to‘liq nazorat talab qilishi va Ukrainaning o‘z qo‘l ostidagi yerlarni berishdan bosh tortishi muzokaralarni qiyinlashtirmoqda.
Kelasi hafta AQSH, Rossiya va Ukraina vakillarining keyingi uchrashuvi rejalashtirilmoqda. So‘nggi muzokaralarda o‘t ochishni to‘xtatish va ehtimoliy demilitarizatsiya zonasi bo‘yicha umumiy tushunchaga yaqinlashilgan bo‘lsada, hududiy masala va G‘arb harbiy kuchlarining Ukrainadagi ishtiroki hanuz asosiy kelishmovchilik nuqtasi bo‘lib qolmoqda.
Zelenskiy konferensiyada Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Yevropa bilan yagona pozitsiyani namoyish etishni rejalashtirmoqda. Yetakchi, shuningdek, havo mudofaasi tizimlari va qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasini ko‘tarishi, hamkorlar bilan qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini kengaytirishni taklif qilishi kutilmoqda.
Tramp davridagi diplomatik sa’y-harakatlar aniq natijalar bergani ma’lum. Shuning uchun ham, Zelenskiyning qayd etishicha, Yevropa rasmiylari Ukrainaga muhim xavfsizlik kafolatlari berishda AQSHning o‘rni bo‘lak ekaniga qat’iy ishonch bildirmoqda.
Yevropalik ayrim rasmiylar Rossiya tinchlik muzokaralariga jiddiy yondashmayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, urush cho‘zilgani sayin Rossiya iqtisodiyotiga bosim ortmoqda. Ba’zi kuzatuvchilar Kiyevning strategiyasi vaqt va iqtisodiy bosim orqali Moskvaning murosaga kelishiga erishishdan iborat bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiyning ikki nafar maslahatchisi Kiyev Donetsk viloyatining sharqiy qismidagi ayrim hududlar nazoratidan voz kechishga tayyorligini bildirgan edi.
Musulmon Sodiq