Urush paytida Putinning “Graceful”i uchun 3 mlrd rubl sarflandi
Olam
−
23 avgust 2023
7052Muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari 2022 yilda Rossiya Ukrainaga urush boshlaganidan so‘ng mamlakat Prezidenti Vladimir Putinning “Graceful” yaxtasiga uch milliard rubl sarflanganini aniqladi. Bu haqda Navalniyning saytida ma’lum qilindi.
82 metrli “Graceful” yaxtasi 2014 yilda suvga tushirilgan. Uning qiymati 100 million dollarga baholangan. “Graceful” 140 metrlik “Shahrizoda” yaxtasi bilan birga sanksiyalarga duch kelgan. “Shahrizoda” mulki 2022 yilning may oyida Italiyada hibsga olingan.
“Graceful” urush boshlanishidan bir necha hafta oldin Germaniyadagi Blohm + Voss kemasozlik zavodiga ta’mirlash uchun olib borilgan.
Kemasozlik zavodi bilan yozishmalari bo‘lgan tergov mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, ta’mirlash yana bir yil davom etishi kerak bo‘lsa-da, yaxta favqulodda vaziyatda zavoddan olib ketilgan.
“Graceful” Kaliningradga ko‘chirilgan va u yerdan yana boshqa joyga jo‘natilgan. Yaxta nomi esa vaqtincha “Graceful”dan “Kosatka”ga o‘zgartirilgan.
Navalniyning sheriklariga ko‘ra, “Shahrizoda” Italiyada qo‘lga olinganidan keyin Putinning eski yaxtasi negizida yangisini yasashga qaror qilingan. “Graceful” to‘liq ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan. Tergov mualliflari hisob-faktura nusxalariga tayanib, birgina yaxtadagi yog‘och buyumlarga 240 million rubl sarflanganini keltirib o‘tgan.
Shuningdek, sakkiz million rublga kofe stoli (1 milliarddan oshiq), 800 ming rubllik bort kuzatuvchisi yotoqxonasi uchun matraslar, besh million rublga yaxta egasining yotoqxonasi uchun 100 kvadrat metrdan ortiq gilam, har biri 11 ming rubl turadigan taroqlar hamda 1,2 million rubl qiymatidagi zirhli soyabonlar sotib olingan.
Yaxtada vertolyot maydonchasi, raqs maydoniga aylanadigan suzish havzasi, mashq buyumlari bilan jihozlangan sport zali ham mavjud. Yaxta uchun dengiz hovuzi buyurtma qilingan – bu uzunligi 85 metr va kengligi 25 metr bo‘lgan to‘r bilan jihozlangan inshootdir.
Qayd etilishicha, birgina 2022 yilda “Graceful” uchun deyarli uch milliard rubl – 32 million dollar sarflangan.
Navalniy sheriklarining ma’lum qilishicha, “Graceful”ning sanksiyalar ostida ekani yaxtani keng miqyosda qayta jihozlashga xalaqit bermagan. Uskunalarni sotib olish va ta’mirlash uchun Yevropa, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida yordamchilar ishtirokida infratuzilma qurilgan. Masalan, ekipaj formalari Italiyada sotib olingan, hisob Dubaydan kelgan kompaniya tomonidan to‘langan, tovarlar Litvaga jo‘natilgan va u yerdan Kaliningradga yetkazilgan.
Iyun oyida yangilangan “Graceful” yaxtasini Sankt-Peterburgda ko‘rishgan. Keyin u Sochidan Shimoliy dengiz yo‘li bo‘ylab ketgan.
LiveBarchasi