Urush oqibatida 50 mingga yaqin ukrainalik qo‘l yoki oyog‘idan ayrilgan – WSJ
Olam
−
02 avgust 2023
4174Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan buyon 20 mingdan 50 mingtacha ukrainalik bir yoki bir nechta a’zosidan ayrilgan. Bu haqda Ukrainaning Houp Foundation xayriya tashkiloti va protezlar ishlab chiqaruvchi nemis kompaniyasi Ottobock ma’lumotlariga tayanib “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ottobock tomonidan Ukrainada yashovchi 50 ming kishi qo‘l-oyoqsiz qolgani haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Bu miqdor hukumat va tibbiyot muassasalarining ma’lumotlariga asoslangan. Ammo ularning haqiqiy soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin, chunki protezlash jarayoni uzoq vaqt talab etadi. Ba’zi odamlar jarohat olganidan keyin bir necha hafta yoki oylar davomida oyoq-qo‘llarining kesib tashlanishiga qarshi bo‘ladi. Shuningdek, protezlash jarayoni 50 ming yevrogacha mablag‘ talab qilgani uchun ham amputatsiya operatsiyalari uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkin.
Urush boshida tana a’zolaridan ayrilishning asosiy sabablari artilleriya va raketa hujumlari oqibatida olingan jarohatlar bo‘lsa, hozirda ko‘plab odamlar front chizig‘idagi minalangan maydonlarda jarohat olmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Zaparoje viloyatida kasalxonalarga 40-80 foiz holatda bemorlar oyoq-qo‘llarning amputatsiya qilinishiga olib keluvchi jarohatlar bilan yotqizilmoqda.
Ta’kidlanishicha, G‘arb tibbiyoti Ikkinchi jahon urushidan buyon bunday ko‘lamdagi jarohatlarga duch kelmagan.
Kiyevda joylashgan Houp xayriya jamg‘armasining xabar berishicha, 200 ming ukrainalik og‘ir jarohatlangan bo‘lib, ularning 10 foizida amputatsiya talab qilingan.
“The Wall Street Journal”ga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlarni Birinchi jahon urushi bilan taqqoslash mumkin. O‘shanda 67 000 nemis va 41 000 Britaniya aholisi oyoq-qo‘llarini yo‘qotgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainani har xil turdagi bomba va snaryadlardan butunlay tozalash uchun 757 yil kerak bo‘lishi aytilgandi.
LiveBarchasi