Urush odamlari yoxud Afg‘on urushi qoldirgan qonli iz

Intervyu

Bugun butun dunyoda odamlar urushga  o‘tmishdagi  voqealik deb emas, bugunninng realligi sifatida qaramoqda. Ammo bu so‘zning asl mohiyatini faqatgina urushni ko‘rganlar, jang maydonida bo‘lganlargina qalban tushunadi va bu so‘zdan qo‘rqadi ham. Chunki ular urush dahshatini o‘z tanasi bilan his qilgan.

Afg‘onistonga qariyb yarim asrdan buyon tinchlik so‘zi begona. Mamlakat uzoq yillar davomida gegemon davlatlarning o‘yin maydoni bo‘lib kelgan bo‘lsa, yana ko‘p yillar ichki nizolarning domida qoldi. Notinchliklar sabab esa millionlab odamlar hayotdan ko‘z yumdi.

Mamlakat tarixidagi eng ko‘p qon to‘kilgan urush esa, shubhasiz, Afg‘on urushidir.

Afg‘on urushi 1979 yil 25 dekabrda boshlanib 1989 yilning 15 fevraligacha, qariyb 10 yil davom etgan. 1933-1973 yillarda mamlakatni boshqargan Muhammad Zohirshoh davri Afg‘onistonning eng osuda yillari bo‘lgan. Biroq 1973 yilda Afg‘oniston Bosh vaziri Muhammad Dovud davlat to‘ntarishini amalga oshiradi va Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi. Bu paytda Zohirshoh rasmiy tashrif bilan Italiyada bo‘lib turgan edi va inqilob sababli mamlakatga qaytolmaydi. Muhammad Dovudning besh yillik hukmronligidan so‘ng, Afg‘oniston yana notinchliklar qurshovida qoldi. Davlat ichida “Savr inqilobi” boshlanadi.

Isyon oqibatida Muhammad Dovud vafot etadi. Shundan so‘ng mamlakat taxti Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi (AXDP) yetakchilariga – Nurmuhammad Taraqqiy qo‘liga o‘tadi va Bosh vazir maqomida inqilobiy kengash raisi Hafizulloh Amin bo‘ladi. 

Yangi hukumat Afg‘onistondagi real hayotni hisobga olmay islohotlar o‘tkazishga kirishdi. Bu islohotlar SSSRda o‘tkazilgan islohotlar andozasiga o‘tish edi. Shuning uchun ham Afg‘oniston xalqi bularni qabul qilmadi. Ruhoniylar hukumat siyosatini Islom asoslaridan qaytish, deb baholadi. Ular aholini sovetparast hukumatga qarshi kurashga chaqirdi. Millionlab xalq Pokiston va Eron hududiga qochib o‘tdi. Hukumatga qarshi kuchlar ittifoqi vujudga keldi. AXDPda birlik bo‘lmadi. 1978 yil 17 avgustda B.Karmal, Abdulqodir va boshqalar fitnada ayblanib qamoqqa olindi. Bu omil mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishini muqarrar qilib qo‘ydi. 

E’lon qilinmagan bu urushni G‘arb rag‘batlantirdi. Afg‘onistondagi vaziyatni esa dunyoning ikki yirik davlati AQSH va SSSR diqqat bilan kuzatib turgan edi. Buning ustiga AXDP ichida hokimiyat uchun kurash boshlandi. Shunday sharoitda, 1979 yil sentyabr oyida Nurmuhammad Taraqqiy o‘ldirildi.

Hokimiyatni uning o‘rinbosari, suiqasd tashkilotchisi Hafizulloh Amin egalladi. Mamlakatda terror va zo‘ravonlik avj ola boshladi. Hukumat qo‘shinlari kuchsizlanib, ularning nazorati ostida faqat Qobul va yana bir nechta shahar qoldi, xolos. Shu paytda Afg‘onistondagi ishlarga SSSR arashdi va 1979 yil 25 dekabrda SSSRning qo‘li bilan Amin hukumati ag‘darildi. SSSR Hafizulloh Aminga yordam berish bahonasida uni zaharlash operatsiyasini tuzgan edi.

Ammo SSSR hukumatini o‘ziga yaqin do‘st bilgan Hafizulloh Amin bu ishni sovetlarning o‘zi qilayotganini bilmas edi. 

1979 yil 27 dekabrda KGBning “Alfa” va “Zenit” guruhlaridan iborat 700 nafarga yaqin askar Qobulning Dorulomon tumanidan Hafizulloh Aminning Tojbek qarorgohiga hujumga o‘tadi. Dastlab aloqa tarmog‘i portlatiladi. Natijada butun Qobul, jumladan Aminning qarorgohi aloqasiz qoldiriladi.

KGB agar bu operatsiya barbod bo‘lgan taqdirda barchasi “Musulmon bataloni” komandiri Habibjon Xolboyevning mastlikda qilgan harakati deya e’lon qilinishini rejalashtirgan va komandirni ko‘pchilik ko‘z o‘ngida jazolashni  mo‘ljallagandi. Komandir Habibjon Xolboyev esa shunchaki sovet hukumatining buyrug‘ini bajarayotgan o‘zbek ofitseri edi. 

SSSRga sodiq bo‘lgan va Pragadagi elchilik vazifasidan Afg‘onistonga kelgan Babrak Karmal prezidentlik lavozimiga o‘tkazildi. 28 dekabrda SSSR o‘z harbiy qismlarini Afg‘onistonga kiritdi. Tez orada bu qo‘shinlar soni 85 ming kishiga yetdi. Jahon jamoatchiligi SSSRning bu harakatini qattiq qoraladi. Shuningdek, Afg‘onistonga ko‘z tikib yurgan Amerika va SSSR munosabatlari yanada keskinlashdi. Jenevada aynan shu masalada 1982 yildan boshlab BMT komissiyasi ishladi. Butun dunyo e’tibori Afg‘onistondagi jarayonlarga qaratilgan edi. Asosan Pokiston hududiga joylashgan muxolifatchi kuchlar  zamonaviy qurollari bilan qurollantirildi. SSSR qo‘shinlari Afg‘onistonda 10 yil turdi, lekin hech qanday amaliy yutuqqa erishmadi.

Mamlakatdagi muholifat kuchlari tinimsiz sovet qo‘shinlariga nisbatan qarshiliklarni davom ettiraverdi. 

Natijada SSSR askarlari sonini oshirishga, harbiy operatsiyalarini kuchaytirishga intildi. Biroq u himoya qilgan rejim baribir Afg‘onistonda hech narsaga erisha olmadi. Chunki Afg‘oniston hukumati sovet nusxasidagi jamiyatni qurmoqchi bo‘lgan edi. Afg‘onistonda bunday jamiyatni qurishning esa iloji yo‘q edi. Ikkinchidan, afg‘on xalqi ko‘z o‘ngida yangi hukumat ateistik davlat armiyasini o‘z davlati hududiga kiritib katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi.

Bunday hukumatni qo‘llash esa undan-da katta xato bo‘lar edi. Shu tariqa SSSR Afg‘onistonda harbiy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Buni yaxshi anglab yetgan Mixail Gorbachyov SSSR armiyasini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga qaror qildi va 1989 yilning fevral oyida bu vazifa amalda bajarildi. Ammo 10 yillik urush o‘zidan yaxshigina iz qoldirishga ulgurgan edi. 

1988 yil Afg‘oniston Prezidenti Najibullo bergan statistikaga ko‘ra,  urushda 243 ming 900 nafar odam vafot etgan. Shundan 35 ming 700 nafari ayol, 20 ming 700 nafari yosh bola. Qolganlari harbiy xizmatchilar va fuqaro erkaklar. 77 ming kishi esa yaralangan yoki nogiron bo‘lgan.

AQSH manbalarida esa Sovet-Afg‘on urushida bir million odam halok bo‘lgani keltiradi. Ahmad Shoh Mas’ud esa bir yarim million odam halok bo‘lgani, besh million odam mamlakatdan qochib chiqib ketgani haqida ma’lumot bergan. Biroq hozirda Afg‘oniston hukumati o‘n yillik urushda 330 ming afg‘on halok bo‘lganini aytmoqda.  

Janglarda jami 15 mingdan ortiq sovet jangchilari halok bo‘ldi. 14 ming 427 askar va ofitserlar, KGBning 576 ta xodimi, ichki ishlar Vazirligining 28 xodimi, o‘sha paytda SSSR chegarasida turgan 514 ta chegarachi halok bo‘ldi. 416 ming kishi esa kasallik (kontuziya, asab va b.) orttirib olishdi. 

Afg‘on urushida ishtirok etgan sovet armiyasi 650 ming harbiy xizmatchidan iborat edi. Eng ko‘p halok bo‘lish 1984 yilga to‘g‘ri keldi. O‘sha yilning o‘zida sovet armiyasidan 2 ming 343 ta askar va ofitserlar o‘ldirildi. Sovet armiyasidan jami 417 ta harbiy xizmatchi asirga tushdi yoki bedarak yo‘qoldi.

Shundan 130 tasi urush vaqtida asirlikdan ozod qilindi. Asirlarni ozod qilishda AQSH ham ishtirok etdi. Taxminan 30 kishi asirlikdan keyin SSSRga qaytmay, Yevropa va Amerikada yashashga qaror qilgan.

SSSRda Afg‘on urushidan eng ko‘p jabr chekkan hududlar Markaziy Osiyo respublikalaridir. Chunki eng ko‘p askar shu hududdagi ittifoqdosh respublikalaridan olingan edi. 

O‘sha paytda ham sobiq Sovet hukumati birinchi bo‘lib markaziy osiyoliklarni urushga safarbar qilgan. Harakatdagi armiyaga yordam berish uchun 27 dekabr kuni O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikistondan umumiy hisobda 32 ming zaxiradagi harbiy xizmatchilar safarbar etiladi. Xuddi shunday, O‘zbekiston sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan paytda  bizniki bo‘lmagan urushga ko‘plab o‘zbeklar safarbar etilgan. 

Jumladan, O‘zbekistondan jami 64 500 nafar yigit Afg‘on urushida ishtirok etgan va ulardan 1522 nafari urushda halok bo‘lgan. 2500 nafardan oshiqroq o‘zbekistonlik askarlar esa butun umrga nogiron bo‘lib qolgan. Askarlar, asosan, 18-19 yoshli yigitlar edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

460

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing