“Urush bu javob emas”. Shevchenko dunyoni Rossiyani to‘xtatishga chorladi
Sport
−
25 fevral 2022
5700Ukrainalik sobiq futbolchi Andrey Shevchenko mamlakatiga hujum qilgan Rossiya qurolli kuchlarini xalqaro huquqni buzishni bas qilishga chaqirdi. Shevchenko xalqi va oilasi xavf ostidaligini aytgan.
“24 fevral erta tongda Rossiya tashabbusi bilan keng ko‘lamli urush boshlandi. Mening xalqim va oilam xavf ostida. Ukraina, uning xalqi tinchlik va hududiy yaxlitlikni istaydi. Iltimos, sizdan mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlashingizni va Rossiya hukumatini o‘zlarining tajovuzkorligi va xalqaro huquqni buzishni to‘xtatishga chaqirishingizni so‘rayman. Urush kerak emas. Urush bu javob emas”, deb yozdi Shevchenko Instagram sahifasida.
Qayd etish kerakki, sport dunyosi Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini qoralamoqda. Dunyoning eng mashhur sportchilari va sport tashkilotlari Rossiyada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan musobaqalarni boykot qilishda davom etmoqda.
Bungacha UEFA Yevropa Chempionlar ligasi finali mezbonligini Sankt-Peterburgdan olib, Parijga bergandi.
Shuningdek, “Barselona” basketbol klubi Yevroliga doirasida “Zenit”ga qarshi o‘yin uchun Sankt-Peterburgga uchmaslikka qaror qildi.
Shvetsiyaning “Hammarbi” futbol klubi futbolchi Villiot Svedbergni Moskvaning “Lokomotiv” klubiga sotishdan bosh tortdi.
Germaniyaning “Shalke” futbol klubi o‘zining asosiy homiysi “Gazprom” kompaniyasining logotipini o‘z libosidan olib tashladi. Yetmaganiga Rossiya futbol klublari uchun Yevropa musobaqalari "darvoza"si yopilishi ehtimoli paydo bo‘ldi.
Formula 1 poygachisi Fettel Rossiya Gran-prisidan voz kechdi. Regbi bo‘yicha Yevropa chempionatining Gruziya va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvi qoldirildi.
LiveBarchasi