O‘rtacha maosh: O‘zbekistonda qaysi sohada ko‘proq pul topish mumkin?

Bu qiziq

image

Statistika agentligi O‘zbekistonda 2023 yilgi o‘rtacha oylik maoshlari qancha bo‘lgani haqida ma’lumot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasiga to‘g‘ri kelib, 13 million 323 ming so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek:

  • axborot va aloqa sohasi 10 million 602 ming so‘m;
  • tashish va saqlash sohasi 6 million 937 ming so‘m;
  • sanoat sohasi 5 million 622 ming so‘m bilan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

Doimgidek ta’lim (3 million 123 ming so‘m) hamda Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 million so‘m) sohalaridagi o‘rtacha ish haqi miqdori boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalardan o‘rin olgan.

Shuningdek, ish haqi O‘zbekiston hududlarida bir-biridan farq qilishini ko‘rish mumkin. Masalan, 2023 yilning yanvar dekabr oylarida hududlar bo‘yicha nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida (7 mln 453 ming so‘m), Navoiy viloyatida (5 mln 887,8 ming so‘m), Toshkent viloyatida (4 mln 526 ming so‘m), Andijon viloyatida (3 mln 982 ming so‘m) hamda Buxoro viloyatida (3 mln 883 ming so‘m) kuzatilgan. Eng kam maoshlar Namangan (3mln 310 ming), Navoiy (3 mln 367 ming) hamda Surxondaryo (3 mln 379 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.

Agentlik bergan ma’lumotda faqat Toshkent shahri va Navoiy viloyatida nominal ish haqi o‘rtacha darajadan yuqori ekanini, O‘zbekistonning qolgan barcha hududlarida o‘rtacha oylik nominal ish haqi darajasi past bo‘lib qolayotganini ko‘rish mumkin.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘ona viloyati (19,1 %), Toshkent shahri (18,7 %), Jizzax viloyati (18,1 %), Xorazm viloyati (18 %) hamda Samarqand viloyatida (17,8 %) kuzatildi.

O‘zbekistonliklar topayotgan daromad iste’mol xarajatlarini qoplaydimi?

Yaqinda “Picodi” tahlilchilari dunyoning 67 ta davlatida eng kam ish haqi qanday o‘zgargani, past oziq-ovqat savatining eng kam ish haqiga nisbatini o‘rganib chiqqan edi. Unda O‘zbekiston oylik maoshi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. 

“Tadqiqotda biz aniq stavkani, ya’ni xodimlarning qo‘llarida oladigan pulni ko‘rib chiqamiz. Biz tadqiq etgan aksariyat mamlakatlar (67 tadan 58 tasi) 2023 yil yanvaridan boshlab eng kam ish haqini o‘zgartirdi”, deb yozadi tadqiqotchilar.

Ular O‘zbekistonda eng kam ish haqi 14,1 foizga oshib va 922 950 so‘mga (75 dollar) yetganini qayd etgan. Tadqiqot natijalarida faqat Afrikaning Nigeriya mamlakatida oylik maoshi O‘zbekistondan kam ekanini ko‘rish mumkin.

Ikkinchi jadvalda esa, qaysi mamlakatlar aholisi faqatgina oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun oylik maoshining qanchasini ishlatishi tahlil qilingan. Tadqiqot uchun shartli oziq-ovqat savati tuzilgan, unga non, sut, tuxum, guruch, pishloq, go‘sht, sabzavotlar va mevalar kiritilgan. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar bir oylik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun oylik maoshining 96,1 foizini sarflashiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni o‘zbekistonliklar topadigan daromadga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari juda qimmat.

Yaqinda Statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari miqdorini 621 ming so‘m deb e’lon qilgan edi.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston maosh o'rtacha oylik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing