“O‘rikzor”da tadbirkorlardan majburiy xayriya yig‘ilayotgani rostmi? DSQ izoh berdi
Jamiyat
−
12 may 2020
7245Ijtimoiy tarmoqlarda soliq xizmati organlari xodimlari “O‘rikzor” bozorida tadbirkorlardan ishlanmagan kunlar uchun to‘lov hamda Sirdaryo viloyatining Sardoba tumaniga majburiy ravishda xayriya mablag‘lari o‘tkazish talab qilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda xayriya amallari ixtiyoriy bo‘lib, muhtojlarga yordam ko‘rsatgan tadbirkorlar bir qator soliq imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin.
Xayriya yordamini ko‘rsatayotgan tadbirkorlar hamda ularni olayotgan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “saxovat.argos.uz” saytida shakllantirib borilmoqda.
Ushbu saytga joylashtirilgan ma’lumotlar Prezidentning 27 apreldagi PF-5986-son Farmonida belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq xizmati organlari xodimlari “O‘rikzor” bozoridagi tadbirkorlarni xayriya mablag‘lari o‘tkazishga majburlayotganligi holati zudlik bilan o‘rganib chiqildi. Ishontirib aytamizki, bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Agarda siz davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan xayriya ishlariga majburlash holatlariga duch kelsangiz, bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining 71-244-98-98 raqamli “Ishonch telefoni”ga zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Bunday faktlar tasdiqlangan taqdirda DSQ rahbariyati tomonidan davlat soliq xizmati organlari xodimlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi”, deyilgan DSQ xabarida.
LiveBarchasi