Urgutda qadimiy ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi (foto)
Jamiyat
−
23 iyul
15706Urgutda qadimiy So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yildan buyon Samarqand arxeologiya instituti Urgut tumani Jo‘raptepa qishlog‘i yonidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida arxeologik tadqiqotlar olib borilgan. Mazkur tadqiqotlar davomida So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona topilgan.
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Sandiboyevga ko‘ra, ibodatxona ilk o‘rta asrlarga tegishli bo‘lib, uning tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda va devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.
Ibodatxona devorlarining saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi va unda 5 ta eshik mavjud. Devorlarda yuzi ovalsimon va quloqlari zebu-ziynatlarga boy ma’budaning tasvirlari saqlanib qolgan. Bu tasvirlarda qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklida bo‘lgan toj ham ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxona devorlaridagi surat parchalarida turli personaj tasvirlari ham uchraydi, bu esa ibodatxonada bir nechta iloh tasvirlanganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l va oyoq qismlari topilgan. Arxeologlar bu ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan, lekin 712 yilda arablar Samarqandga yurish qilganida yoqib yuborilganini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati hududida 4 ming yillik tarixga ega qabrlar va 2 ming yillik shahar qoldiqlari topilgandi.
LiveBarchasi