Urganch va Navoiyda odamlar to‘planib qolishiga sabab bo‘lgan aviakompaniyaga sanksiya qo‘yildi
Jamiyat
−
09 noyabr 2021
7579Rossiyaning “I Fly Airlines” avakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga rioya etishni ta’minlash maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2020 yilning oktyabr oyida aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ “O‘zaviatsiya” agentligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.
“I Fly Airlines” aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay tegishli ruxsatnomalarni olmasdan qo‘pol ravishda talablarni buzib 2021 yil noyabr oyida Moskva – Urganch – Sankt-Peterburg – Urganch – Moskva, Navoiy – Moskva hamda Sankt-Peterburg – Navoiy – Sankt-Peterburg yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi yo‘lovchilar o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shu munosabat bilan “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan “I Fly Airlines” aviakompaniyasiga sanksiya tariqasida O‘zbekistonga charter parvozlarini amalga oshirishni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, aviakompaniyalar tomonidan bunday holatlar takrorlangan taqdirda “O‘zaviatsiya” agentligi parvozlarni amalga oshirish uchun berilgan ekpluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qiladi.
“Shu o‘rinda yo‘lovchilar va aviakassalar mutasaddilaridan aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin “O‘zaviatsiya” agentligi veb-saytining bosh sahifasidagi “Axborot jadvali” bo‘limida (https://uzcaa.uz/uz) rejalashtirilgan charter parvozlarining holati bilan tanishib chiqishni tavsiya etamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekisonda bir hafta ichida uch marta yo‘lovchilar yo‘q reyslar uchun chipta olib, aeroportlarda to‘planib qoldi. Jumladan, joriy yilning 3 noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida, 5 noyabrda esa Urganch xalqaro aeroportida, 8 noyabr kuni Navoiy xalqaro aeroportida yo‘q reysga chipta olgan odamlar to‘planib qoldi. Shulardan Urganch va Navoiyda yo‘lovchilar "I Fly" aviakompaniyasi reysiga chiptalar sotib olgandi.
LiveBarchasi