Urganch xalqaro aeroporti faoliyatini to‘xtatadi
Jamiyat
−
23 iyun
18126Joriy yilning 20 iyul Toshkent vaqti bilan soat 00:01 dan 7 avgust soat 23:59 gacha Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatdan beri ishlashi hamda havo kemalarining qo‘nish va uchish xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu davr oralig‘ida kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Jumladan, uzunligi 3000 metr va eni 16 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari ham kapital ta’mirlanadi.
Kapital ta’mirdan so‘ng Urganch aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.
Bildirilishicha, Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish oxirgi marta bundan 27 yil oldin, ya’ni 1997 yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018 yilda amalga oshirilgan.
“Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi, yo‘lovchilar Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida transferlar bilan ta’minlanadi. Parvozlar haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish tavsiya etiladi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportini ko‘chirish haqidagi hukumat qarori bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi