Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroportidagi ishlar bilan tanishdi
Jamiyat
−
13:02 1711 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, birinchi navbatda Urganch xalqaro aeroportidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda Xorazm vohasiga kelayotgan mehmonlar oqimi bir necha karra ortgan. Turistik salohiyatni ishga solishga qaratilgan tashabbuslar doirasida xalqaro standartlarga javob beradigan transport-logistika infratuzilmasi yaratilayotgani e’tiborga molik.
.jpg)
Xususan, Urganch xalqaro aeroportida rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatadigan terminal bunyod etilib, yangi aerodrom majmuasi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi jadal davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu loyihalar bilan tanishishdan boshlangan.
.jpg)
Aeroport 1960 yilda ishga tushgan. Unga 1992 yilda xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 285 gektardan ortiqni tashkil etadigan bu majmua o‘tgan yillar davomida minglab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib keldi. Bugungi kunda aeroport orqali o‘nga yaqin nufuzli aviakompaniya tomonidan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘zida aeroport tomonidan jami 126 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, mazkur ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sgan. Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami 264 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan.
.jpg)
Bildirilishicha, loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Loyihaning xususiy sherigi sifatida dunyoning eng ilg‘or, yuqori texnologik va nufuzli aviatsiya xablaridan birini boshqaradigan Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb etilgan.
Davlat rahbari Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar o‘tkaziladigan global maydonga aylanayotganini ta’kidlagan. Bunday tadbirlarga kelayotgan xorijiy delegatsiyalar uchun yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga bevosita xizmat qilishi qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, rekonstruksiya doirasida aeroportda Boeing 747 va Airbus A350 kabi keng fyuzelyajli havo kemalarini bemalol qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu endilikda dunyoning turli qit’alaridan Xorazmga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi hamda yangi burilish yo‘lagi qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, shinam biznes-zal, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kechayu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda dunyo brendlarini mujassam etgan “Duty free” zonasi tashkil etilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 ming 300 nafargacha ortishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga avvalgi tashrifi 2025 yilning 1 may kuni bo‘lgandi.
Live
Barchasi