Uraldagi harbiy bazada raketa uchirilish paytida portlab ketdi – OAV

Olam

image

Kecha, 28 noyabr kuni Rossiya Qurolli kuchlarining Strategik raketa qo‘shinlariga qarashli Yasniy shahri yaqinidagi bazada raketa muvaffaqiyatsiz uchirildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar aholisi harbiy ob’ekt hududida ko‘tarilayotgan yorqin rangdagi quyuq tuman aks etgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi shahar chatlarida aholi nafas olishga qiynalayotgani va o‘tkir hiddan shikoyat qilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Ukrainaning Supernova+ loyihasi raketa uchirilishi va uning yerga qulashi aks etgan videoni e’lon qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa “Dombarovskiy” posyolkasida sodir bo‘lgan, u yerda "Yasniy" harbiy kosmodromi joylashgan.

Yasniy shahar hokimiyati sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha hech qanday sharh bermagan. Shu bilan birga, poligonda sodir bo‘lgan portlash va yong‘in haqidagi xabarlar NASA’ning FIRMS yong‘inlar monitoringi servisidagi ma’lumotlar bilan ham tasdiqlanadi.

“The Insider” nashri ta’kidlashicha, Orenburgdan taxminan 500 km va Orskdan 50 km masofada joylashgan "Yasniy" kosmodromi 2023 yilda strategik yadroviy raketalar kompleksi "Avangard"ni uchirish imkoniyatini ta’minlash uchun qayta qurila boshlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu kompleksni ilk bor 2018 yilda taqdim etgan va o‘sha paytda yangi raketa atmosferaning qattiq qatlamlarida manyovr qila olishi, qit’alararo masofada parvoz qilishi va amalda uni urib tushirib bo‘lmasligi haqida aytgan.

NATOda keyinchalik bu tizim Rossiya va AQSH o‘rtasidagi strategik qurollar bo‘yicha kuchlar muvozanatiga ta’sir qilmasligi qayd etildi.

"Bizda Rossiya uchun chetlab o‘tish imkonsiz bo‘lgan raketaga qarshi mudofaa tizimi yo‘q. Ular buni hozir ham yetarlicha samarali qila oladi", deb ta’kidladgan DW suhbatdoshi.

"Avangard" sinovlari va Putin tomonidan keltirilgan texnik ko‘rsatkichlar Vashington tomonidan qattiq tanqidga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘ldi – AQSH bunday raketa yaratilishini 1987 yilda KPSS bosh kotibi Mixail Gorbachyov va AQSH prezidenti Ronald Reygan imzo chekkan O‘rta va kichik masofali raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomani buzish, deb hisoblaydi. 2019 yilda AQSH prezidenti (o‘shanda birinchi muddatda edi) Rossiya harakatlariga, jumladan, 9M729 qanotli raketalarini yashirincha ishlab chiqishga javoban shartnomadan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Keyinchalik Rossiya ushbu raketalardan Ukrainaga qarshi o‘zining hozirgacha davom etayotgan to‘liq masshtabli hujumi doirasida foydalandi.

Shu bilan birga, Yasniyda aynan "Avangard" kompleksi raketasining uchirilishi muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida hech qanday tasdiq yo‘q. Raketalar uchirilishini tahlil qiluvchi mutaxassis Georgiy Trishkin “The Insider” nashriga aytishicha, videoda R-36M2 "Voyevoda" raketa uchirilishidagi muvaffaqiyatsizlik aks etgan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, bu portlash paytida ko‘ringan qo‘ng‘ir binafsha rangdagi tuman bilan izohlanishi mumkin. Tahlilchi shularni ham qo‘shimcha qildiki, bunday tutun juda zaharli.

MilitaryRussia loyihasi yozishicha, shaxtali uchirish qurilmasidan foydalaniladigan ushbu kosmodromdan 15A28 "Sarmat" qit’alararo ballistik raketasi ham uchirilishi mumkin. OAVda avvalroq yozilishicha, bunday raketa 2024 yilda Arxangelsk viloyatidagi "Plesetsk" kosmodromida muvaffaqiyatsiz uchirish vaqtida shaxtada portlab ketgan. Qator tahlilchilar fikricha, aynan Plesetskdagi ushbu hodisadan so‘ng "Sarmat" sinovlari "Dombarovskiy"ga ko‘chirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya raketasini uchirgan Qozog‘istondagi kosmodromga zarar yetgandi.


Maqola muallifi

Teglar

raketa Ural

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing