Tramp xorijiy hukumatlardan pul olishda ayblanyapti
Olam
−
05 yanvar
4612AQSH Kongressining Vakillar palatasi sobiq prezident Donald Trampni davlat rahbari sifatidagi faoliyati davomida xorijiy hukumatlardan 7,8 million dollardan ko‘proq mablag‘ olganlikda aybladi. Bu haqda Vakillar palatasidagi demokratlarning Nazorat va javobgarlik qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mablag‘ning katta qismi Xitoy hukumati va uning davlat korxonalaridan, qolgani esa Saudiya Arabistoni, Quvayt va Qatar kabi boshqa 19 davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Qo‘mita tomonidan qo‘lga kiritilgan cheklangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Donald Tramp prezidentlik paytida Xitoy hukumati va davlat korxonalaridan 5,5 million dollardan ko‘proq, shuningdek, 19 ta boshqa xorijiy hukumatlardan, jumladan Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va boshqa davlatlardan millionlab dollar olgan”, deyiladi matnda.
156 sahifalik hisobotda Tramp bir necha bor AQSH Konstitutsiyasini buzganlikda ayblangan. Ushbu to‘lovlar Konstitutsiyaning mukofotlar to‘g‘risidagi bandiga ziddir. Qo‘shma Shtatlar asosiy qonunining ushbu qoidasi federal amaldorlarga chet el hukumatidan sovg‘a yoki boshqa har qanday qimmatli narsani Kongress ruxsatisiz olishni taqiqlaydi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil yozida Trampga bir qancha jinoiy ishlar, jumladan, 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishga urinish, 2020 yilgi saylovlarga aralashish va Mara-Lagodagi mulkida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Siyosatchining o‘zi barcha holatlarda o‘z aybini inkor etib, unga qarshi o‘tkazilayotgan tergovlarni amaldagi Prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan siyosiy ta’qib deb hisoblaydi.
LiveBarchasi