Umurzoqov o‘tkazgan yig‘ilishda ikki hokim o‘rinbosari “uchdi”, 19 nafari hayfsan oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumani va Navoiy viloyatining Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishdan olindi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Umurzoqov rahbarligidagi yig‘ilishda eksportchi va investorlarni qo‘llab-quvvatlashda yo‘l qo‘yilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun intizomiy choralar ko‘rildi. Xususan, Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investitsiya loyihasi muddatida ishga tushirilmaganligi hamda 395 ta yangi ish o‘rinlari kechiktirib yaratilganligi uchun 19 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimex tumanlari hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilandi.

Qo‘yilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Mas’ul rahbarlar eksportyor va investorlarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarining samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yilning birinchi 5 oyi yakunlari bo‘yicha o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 42 foizga oshgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing