Umurzoqov “Tolibon” vakili bilan uchrashib, rasmiy Toshkent nomidan va’da berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Afg‘oniston bilan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Afg‘onistonning amaldagi ma’muriyati – “Tolibon” vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

Kecha, 4 iyul kuni Sardor Umurzoqov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan. 

Uchrashuv chog‘ida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi o‘zbek-afg‘on hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Yuqoridagi yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga oid navbatdagi tadbirlar kelishib olingan.

“Ikki tomonlama savdo aylanmasini ko‘paytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishildi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklik salohiyatini o‘rganish maqsadida o‘zbek va afg‘on ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etildi.

Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish chora - tadbirlarini ko‘rib chiqdilar. Joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmida temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab dala tadqiqotlarini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Afg‘oniston bilan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarqatgan xabarda. 

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek-afg‘on munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish va hal etish bo‘yicha doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

461

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing