Umrzoqov Ortiqxo‘jayevning “Paxtakor”iga 7 mlrd o‘tkazib beryapti
Sport
−
14 iyul 2023
17824Toshkent shahrining mahalliy byudjetidan “Paxtakor” futbol klubi hisobiga 7 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib beriladi. Shahar hokimi Shavkat Umrzoqov bu bo‘yicha tegishli qarorni qabul qildi.
Unga ko‘ra, “Paxtakor” FK MCHJning kommunal xizmatlari, ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish xarajatlarini qoplab berish maqsadida shahar hokimligining klub ustav fondidagi ulushini oshirish hisobiga mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi hisobidan 7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shahar hokimi mazkur qarorni imzolashda Vazirlar Mahkamasining “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2021 yil 30 aprel) 261-son qarori (unda Toshkent shahar hokimligi “Bunyodkor” va “Paxtakor” jamoalariga bosh homiy ekani ko‘rsatilgan) hamda “Paxtakor” klubining 2023 yil 13 iyuldagi murojaati inobatga olinganini qayd etgan.
Shuningdek, unda keltirilishicha, Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi 2023 yil Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. G‘aznachilik boshqarmasi ajratilgan mablag‘ni o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘radi. Klub ustav fondini taqsimlangan mablag‘lar hisobiga oshirish choralarini ko‘radi hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” klubi sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli. Superligada 13 ta o‘yin o‘tkazgan klub 28 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinda bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev “Paxtakor” jamoasining Qibraydagi o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari bazasida futbolchilar bilan uchrashgan edi. Unda sobiq hokim so‘nggi oylarda kompleksda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishgan va jamoa a’zolari bilan suhbatlashgan.
LiveBarchasi