Toshkent xalqaro aeroportida Suriyaga terrorchilik maqsadida ketayotgan aka-uka ushlandi
Jamiyat
−
06 may 2019
8784Toshkent shahar IIBB aka-uka fuqarolar Ubaydulla va Ismatulla Bahromovlarning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida maxsus bayonot berdi.
“Ayrim ommaviy axborot vositalarida Toshkent shahrida go‘yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Ubaydulla va Ismatulla Bahromovlarni Toshkent shahar IIBB tomonidan noqonuniy hibsga olinganligi va ularga nisbatan nohaq ayblov qo‘yilayotganligi haqida asossiz ma’lumotlar tarqaldi”, deyiladi bayonotda.
Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 20 aprel kuni 1985 yilda tug‘ilgan Ubaydulla G‘aybullayevich Bahromov va 1987 yilda tug‘ilgan Ismatulla G‘aybullayevich Bahromov Suriya davlati hududidagi xalqaro terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportiga ketayotgan vaqtlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Tekshiruv davomida ularning yonlaridan “Toshkent – Istanbul” yo‘nalishi bo‘yicha 20 aprel kungi reysga sotib olingan aviachiptalar va mobil telefonlari o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasiga ko‘ra, U.G‘.Bahromovning mobil telefonlari xotiralarida aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar mavjudligi aniqlandi.
U.G‘.Bahromov va I.G‘.Bahromovning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjudligi inobatga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov jarayonida mazkur shaxslarning qonuniy manfaatlari advokat M.T.Parpiyeva tomonidan himoya qilinib kelinmoqda, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi