11 maydan Turkiyada ayrim karantin cheklovlari bekor qilinyapti

Olam

image

Turkiyada koronavirus pandemiyasi sabab o‘rnatilgan cheklovlarni yumshatish boshlanyapti. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Erdo‘g‘an Turkiyada koronavirusdan sog‘ayayotganlar “geometrik progressda o‘sayotganini” ta’kidladi. U shuningdek, mamlakati butun dunyoda bo‘lgani kabi, pandemiya bilan kurashda eng og‘ir nuqtadan o‘tganini qo‘shimcha qildi.

Turkiya yetakchisi, mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun joriy qilingan taqiqlov choralari asta-sekin yumshatilishini ma’lum qildi.

“Taqiqlovlar may, iyun va iyul oylarida bosqichma-bosqich bekor qilinadi va yakunlanadi”, dedi Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 maydan Turkiyada sartaroshxonalar va savdo markazlari ochiladi. 10 maydan 65 yoshdan kattalarga kuniga 4 soat tashqariga chiqishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, avval uydan chiqishi taqiqlangan 20 yoshgacha bo‘lganlar uchun ham karantin choralarini yumshatish ko‘zda tutilgan. Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 maydan soat 11:00 va 15:00 oralig‘ida ko‘chaga chiqishi mumkin. 15-20 yoshdagilarga 15 maydan xuddi shu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqishiga ruxsat beriladi.

Kecha, 4 maydan e’tiboran 7 ta viloyatdagi shaharlarga kirish-chiqish uchun o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Bular Antaliya, Aydin, Erzurum, Hatay, Malatya, Mersin va Mug‘la viloyatlari.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Turkiyada hayotning jonlana boshlashi u yerda qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolariga moddiy ahvolini yaxshilab olishi uchun imkoniyat beradi. Har ikki mamlakatning havo hududlari yopib qo‘yilishi natijasida minglab o‘zbekistonlik Turkiyadan O‘zbekistonga qaytolmay qolgandi.

Avvalroq, Turkiyada koronavirus tarqalishi cho‘qqiga chiqqani haqida xabar bergan edik. Shu davrda mamlakatda koronavirus yuqtirganlarning 6 foizini tibbiyot xodimlari tashkil qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 127 659 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 3461 nafari vafot etgan va 68 166 nafari sog‘aygan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Koronavirus Turkiyada

Baholaganlar

86

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing