O‘lishimni sog‘indi kimlar. Papa uning ajalini kutayotganlar haqida gapirdi
Olam
−
15 mart
14931Rim-katolik cherkovi rahbari, papa Fransisk davolanish uchun shifoxonada yotgan paytida, uning o‘lishi yoki iste’foga chiqishini kutganlar bo‘lgan. Bu haqda papa 19 mart kuni nashr etilishi kutilayotgan “Hayot: tarix davomida mening hikoyam” kitobida yozdi. Avtobiografik asarning ba’zi qismlari Italiyaning "Corriere della Sera" gazetasi tomonidan ommaga taqdim etildi.
“Ba’zilar siyosat va saylovoldi tashviqotiga juda qiziqardi. Ular deyarli yangi Konklav (papa saylovi) haqida o‘ylashardi. Bu tabiiy holat va buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ammo og‘ir vaziyatlarga qaramay, iste’foga chiqish xayolimga ham kelmagan”, degan u.
Papa o‘zining iste’fosi uchun hech qanday shart ko‘rmayotganini ta’kidlagan va faoliyatini davom ettirish uchun sog‘lig‘ida jiddiy to‘siqlar yuzaga kelsa, iste’fo uchun arizasi tayyor ekanini bildirgan.
“Menda taslim bo‘lish haqida o‘ylash uchun jiddiy sabab yo‘q va papalik xizmatimni umr bo‘yi davom ettiraman. Shifoxonaga yotqizilganimdan so‘ng, ba’zilar iste’foga chiqishimni umid qilishgan bo‘lsa ajab emas, lekin bunday xavf yo‘q. Xudoga shukr, salomatligim yaxshi, amalga oshirishim kerak bo‘lgan ko‘plab loyihalarim bor”, deb yozgan papa.
Eslatib o‘tamiz, yaqin yillar davomida sog‘lig‘i bilan bog‘liq turli muammolar tufayli tez-tez shifoxonaga borishga majbur bo‘lgan 87 yoshli Rim Papasi Fransisk so‘nggi yillarda tizzasidagi muammolar oqibatida xizmat ko‘rsatish chog‘ida nogironlar aravachasi va tayoqdan foydalangani hamda so‘nggi bir necha hafta ichida bronxit va shamollash tufayli chiqishlarini bekor qilishga majbur bo‘lgani haqida xabar bergan edik.