“Ularning ishiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi”. Prezident “ko‘cha”lar va jinoiy to‘dalar haqida gapirdi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonning jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudrati yetadi va buni albatta qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida ma’lum qildi.

“Ko‘ryapsizlar, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda. Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayapti”, dedi Prezident.

Davlat rahbariga ko‘ra, narkotik savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.

Yaqinda ushbu masala bo‘yicha Milliy dastur qabul qilindi. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.

“Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh – bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz!Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz! Bu – Prezidentning topshirig‘i! Bu – ota-onalarning xohish-istagi! Bu – jamiyatning talabi!”, degan Mirziyoyev.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi paytlarda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotimizga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan, o‘zini «qozi» deb hisoblab, odamlar o‘rtasidagi oldi-berdi masalalarni hal qilib yurgan ayrim jinoiy to‘dalar ham kuzatilayotgani qayd etilgan.

Eng achinarlisi, “oson pul topaman” degan ilinjda bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy to‘dalarga qo‘shilib qolayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

“Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz! O‘zbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!”, degan Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev jinoiy to'da

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing