“Ular mening davlatimga kelmayapti”. Lukashenko harbiylar muhojirlarga yordam berganini tan oldi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Belaruslik harbiylar hamdardlik tufayli Yevropa Ittifoqi bilan chegaradagi ayrim qochqinlarga Polshaga yetib borishga yordam berishi mumkin. Bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko BBC’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Menimcha, bu mumkin. Biz slavyanmiz, bizda yurak bor. Muhojirlar Germaniyaga ketayotganini harbiylarimiz biladi. Ehtimol, kimdir ularga yordam bergandir. Men bu bilan shug‘ullanmayman”, degan u. 

Shu bilan birga, Lukashenko Belarus rasmiylarining YeIga bosim o‘tkazish uchun migratsiya inqiroziga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. 

“Men muhojirlarni chegarada ushlamasligimni, ularni u yerda saqlamasligimni va agar migrantlar u yerga oqib kelishda davom etsa, men ularni to‘xtatmasligimni aytdim, chunki muhojirlar mening davlatimga emas, balki sizning mamlakatlaringizga ketmoqda”, deb ta’kidlagan u. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u muhojirlarni Belarusga shaxsan taklif qilmagan. 

“To‘g‘risini aytsam, men ularning Belarus orqali o‘tishlarini istamayman”, deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko. 

Belarus-Polsha chegarasidagi vaziyat joriy yilning 8 noyabr kuni yomonlashdi. Polsha rasmiylariga ko‘ra, 15 noyabrga qadar 3,5 mingga yaqin muhojir Belarus tomonida “Bruzgi” — “Kuznitsa” yopiq chegara o‘tish joyi yaqinida qolgan. Ular u yerda lager tashkil qilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, muhojirlar lagerni tark etgan. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek AQSH va Buyuk Britaniya Belarus hukumatini inqirozni keskinlashtirishda aybladi. Belarus Davlat chegara qo‘mitasi, o‘z navbatida, Polshani inqirozli vaziyat yaratib, muhojirlarni Belarus chegarasiga surib qo‘yganlikda aybladi. Minsk bo‘layotgan voqealar Varshavaning “befarqligi va g‘ayriinsoniy munosabati” tufayli yuzaga kelgan, deb hisoblaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Lukashenko

Baholaganlar

172

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing