Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya kiritadimi? Advokat va jamoatchilik hukmdan norozi.

3-sahifa

8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi. Ketma-ket 3 marotaba qoldirilgan va jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan, Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovga oid 5-sud ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud majlisida ishtirok etdi.

So‘nggi so‘zini bildirar ekan, Mubashshir Ahmad faoliyatini xolis tarzda olib borganini aytdi va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, faqatgina diniy mazmundagi materiallarni vakolatli organlar ruxsatisiz va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning roziligisiz e’lon qilganini tan oldi, bu ham u O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgani uchun sodir bo‘lganini bildirdi. Sudlanuvchi voyaga yetmagan farzandlari borligi, oila boquvchisi ekani, sog‘lig‘idagi muammolar, qolaversa ilmiy izlanish olib borayotganini inobatga olgan holda suddan yengillik berishni so‘radi. 

Bir soat davom etgan sud muhokamasidan so‘ng, Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59-(bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-(jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalar tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shu bilan birga, internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va Azon Global – Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi bildirildi.

Qo‘yilgan ayblar yuzaki bo‘lgani sezilganini aytgan yozuvchi Nurilloh Muhammad Raufxon Mubashshir Ahmadga nisbatan berilgan ikki yil-u olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘yicha fikrini bildirdi. Uning aytishicha, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 3 moddasi bilan aybdor deb topilishi butun ishtirokchilarni hayron qoldirgan. Shuningdek, u Mubashshir Ahmadga tegishli bo‘lgan nashrning bloklanishi so‘z erkinligi nuqtai nazaridan afsuslanarli holat ekanini bildirildi.

“Biz yaxshilikdan umid qilgan edik, chunki bu umidlarga asoslar bor edi. Oldingi sudlarda ko‘rdik – qo‘yilgan ko‘plab ayblovlar isbotini topgani yo‘q. Ayblar yuzaki bo‘lgani sezildi, shuning uchun bizning umidimiz bor edi – ancha yengil bo‘lishiga. Afsus, tergov paytida qo‘yilgan har uch modda bo‘yicha aybdor deb topilgani bizni hayron qoldirdi. Chunki hammani umidi yaxshilik edi. Lekin sudya oxirida moddalarda belgilangan eng yengildan ham kamroq jazo berganini aytdi, ammo ko‘ngil taskin topmadi, to‘g‘risi. So‘z erkinligi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, Mubashshir Ahmad nashrlarining bloklanishi – afsuslanarli holat. Texnologik imkoniyatlar nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, uning bloklanishi imkonsiz. Hozirgi zamonda boshqacha yo‘llar bilan ko‘rish imkoni bor”, dedi u.

Nurulloh Muhammad Raufxon Toshkent islom institutida Hanafiy mazhabining fiqhi va Usul al-Fiqh (meros ilmi), “Naqshbandiya” tasavvufidan dars bergan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining faoliyat olib borgan Mubashshir Ahmadning hibsga olinishi va undan keyingi jarayonlar bo‘yicha O‘zbekistondagi ulamolarning sukuti hayratlanarli holat emas ekanini urg‘uladi.

O‘z himoyasidagi shaxsga nisbatan o‘qilgan hukm bilan kelishmasligini bildirgan advokat Dilshod Boyto‘rayev bu hukmdan norozi ekani va ariza berish masalasi muhokama qilinishini aytdi.

“Biz o‘zimizning himoya pozitsiyamizdan kelib chiqib, sud hukmi bilan kelishmaymiz. Himoyam ostidagi shaxs bilan har bir holat bo‘yicha maslahat qilib, appelyatsiya berish-bermaslik masalasini ko‘rib chiqamiz”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Qamoq Mubashshir Ahmad Uchtepa tuman Alisher Tursunov Azon Global Nurilloh Muhammad Raufxon Dilshod Boyto'raev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing