Ukrainlar Xersonda rossiya qo‘shinlarining chekinishini nishonlamoqda (video)

Olam

image

Rossiya tomonida shu yilning  fevral oyida bosib olingan Xerson viloyatida kecha, 11 noyabr kuni Ukraina qo‘shinlari mahalliy aholi tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zeleniskiy 11 noyabr sanasini tarixiy kun deb atagan.

“Bugun tarixiy kun. Biz mamlakat janubini qaytarib olyapmiz. Xersonni qaytarib olyapmiz. Hozircha bizning himoyachilarimiz shahar chetida, biz shaharga kirishga juda yaqinmiz. Biroq, maxsus bo‘linmalar allaqachon shahar ichida", degan u odatiy tungi murojaatida.

Rossiya 30 ming askaridan birortasini yo‘qotmasdan Dnepr daryosi orqali olib chiqib ketganini aytdi. Ammo ukrainaliklar Rossiya chekinish chog‘ida jiddiy yo‘qotishlarga uchraganini aytmoqda. Rus qo‘shinlari kiyim-kechaklarini va qurollarini tashlab qochib ketgan. Qochishga uringanlarning ba’zilari Dnepr daryosiga cho‘kib ketgan.

Bu chekinish Rossiyaning urushdagi uchinchi yirik chekinishi bo‘ldi. Ukraina qo‘shinlarining janubning bir qismini qaytarib olgan yirik qarshi hujumiga ruslar Xersonni jangsiz tashlab qochish orqali javob berdi.

“Reuters” tomonidan tasdiqlangan videotasvirlarda o‘nlab odamlar Xerson shahrining markaziy maydonida g‘alaba shiorlarini aytib, olqishlayotgani va u yerga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ukraina qo‘shinlari olomon orasida selfiga tushganini ko‘rish mumkin.

Tasvirlarda ikki kishi ayol askarni yelkalariga ko‘tarib, havoga uloqtirishgani aks etgan. Ayrim aholi vakillari Ukraina bayroqlariga o‘ralgan. Bir kishi xursandchilikdan yig‘lagan. Yana bir ukrain esa “Ukrainaga shon-sharaf! Qahramonlarga shon-shuhrat! Millatga shon-sharaf!”, deya hayqirgan.

Shuningdek, Ukraina Mudofaa razvedka agentligi Xerson Ukraina nazoratiga qaytarilayotganini ma’lum qilgan va qolgan rus qo‘shinlariga shaharga kirib kelayotgan Kiyev kuchlariga taslim bo‘lishni buyurgan.

Zelenskiyning aytishicha, Xerson xavfsizligini ta’minlash choralari, xususan, ko‘p sonli minalarni yo‘q qilish ishlari imkon qadar tezroq boshlanadi.

Rossiyalik siyosatchi va Ukraina urushida harbiy maslahatlar berib turgan Dimitriy Rogozin Dnepr bo‘ylab chiqib ketish og‘riqli, ammo muhim qaror bo‘lganini aytgan. Uning aytishicha, Moskva qayta kuch to‘plab, yana hujumga o‘tishi mumkin.

“Biz kuchimizni to‘plaganimizda, yangi qurollar kelganda, qo‘shinga yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan safarbar bo‘linmalar kelganda, ko‘ngillilar kelganda, yig‘ilib, bu yerni qaytarib olamiz, degan umiddaman. Biz bu vazifani bajarishimiz kerak”,  degan u RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zeleniskiy Dimitriy Rogozin

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing