Zelenskiy rus askarlarini harbiy jinoyatlar sodir etishda aybladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya askarlarini Xersonda harbiy jinoyatlar sodir etishda va tinch aholini o‘ldirishda aybladi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar bermoqda.

Ukraina yetakchisining aytishicha, ruslar Xersonda 400 dan ortiq harbiy jinoyatni amalga oshirgan.

“Tergovchilar allaqachon 400 dan ortiq Rossiya harbiy jinoyatlarini hujjatlashtirgan. Halok bo‘lgan tinch aholi va harbiy xizmatchilarning jasadlari topildi. Rossiyaning (Xersondagi) shafqatsizliklari mamlakatning boshqa hududlarida amalga oshirilganlarini ortda qoldirdi”, degan u o‘zining odatiy tungi murojaatida.

Rossiya o‘z qo‘shinlari tinch aholini qasddan nishonga olganini rad etgan. Joriy yilning 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri mamlakat bo‘ylab bir qancha joylarda ommaviy qabrlar, jumladan, Xarkov viloyati va Kiyev yaqinidagi Buchada qiynoqlar dalillarini ko‘rsatuvchi tinch aholi jasadlari topilgan. Ukraina Rossiya askarlarini jinoyatlarni sodir etishda ayblab keladi.

Kecha, 13 noyabr kuni Xersonda yangragan artilleriya ovozlari shahar bosh maydonida Ukraina bayroqlarini ko‘targancha g‘alabani nishonlayotgan olomonni cho‘chita olmadi.

35 yoshli qo‘shiqchi Yana Smirnovaning aytishicha, odamlar hozir xursandchilik qilmoqda, lekin ular Dneprning chap qirg‘og‘idan bombardimon qilinishdan xavotir olishadi. U shahar yaqinidagi Dnepr daryosining sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan rus artilleriya qurilmalariga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zeleniskiy Xersondagi vaziyat hali-hanuz xavfli ekanligidan ogohlantirgan. Shuningdek, shaharda 17:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan komendantlik soati saqlanib qolgan.

Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Shoygu Qurolli kuchlarning Xersondan chekinishini ma’lum qilgan edi. Rossiya ushbu shaharni joriy yilning 23-27 sentyabr kunlari o‘tkazilgan “referendum” natijalariga ko‘ra, o‘zining abadiy hududi deya e’lon qilgan edi. Shuning uchun, Rossiyaning chekinish to‘g‘risidagi qarori xalqaro maydonda katta mag‘lubiyat sifatida qabul qilindi. Tahlilchilarning qayd etishicha, Prezident Vladimir Putin ushbu mag‘lubiyatga o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Sergey Shoygu Vladimir Zeleniskiy

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing