Ukrainaning YeIga kirish ehtimoli ortdi
Olam
−
21 iyun 2022
7742Bugun, 21 iyun kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish bo‘yicha siyosiy konsensusga erishdi. Bu haqda Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI umumiy ishlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Fransiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Kleman Bon ma’lum qildi. Fransiya yilning birinchi yarmida YeI Kengashiga raislik vazifasini o‘z zimmasiga oladi.
Bonning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish bo‘yicha juda keng, hatto, aytish mumkin bo‘lsa, to‘liq siyosiy konsensusga erishilgan.
“Bugungi muhokamalar ushbu hujjatlarni ilgari surish masalasida, ayniqsa, Ukraina va uning nomzod maqomiga ega bo‘lish haqidagi arizasini imkon qadar tezroq ko‘rib chiqish imkoniyatlari bo‘yicha keng, hatto, umumiy konsensusga kelishga imkon berdi”, deydi u.
Endilikda bu masalani davlat va hukumat rahbarlari hal qiladi.
Shu bilan birga, Bon sammitda G‘arbiy Bolqon mamlakatlarini Yevropa Ittifoqiga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash istiqboli, ehtimol, qabul qilinmasligini tan oldi.
Bolgariya 2005 yilda nomzod maqomini olgan Shimoliy Makedoniya, 2009 yilda nomzod bo‘lgan Albaniya va 2010 yilda bu maqomni olgan Chernogoriya bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda.
“Fransiya raisligi Bolgariya bilan [Bolqonlarni qabul qilish bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga] veto qo‘yishni bekor qilish bo‘yicha intensiv muzokaralar olib bormoqda, biroq Sofiyadagi siyosiy vaziyat og‘irligicha qolmoqda”, deydi Bon so‘zida davom etib.
Seshanba kuni ertalab Yovroparlament rahbari Roberta Metsola Yevropa Ittifoqi Ukrainaga ukrainaliklarning ruhini saqlab qolish uchun nomzod maqomini berishi kerakligini, real kirish uchun esa hali “ko‘p qadamlar qo‘yilishi kerak”ligini tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, bu qadam faqat "umid ramzi".
17 iyun kuni Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi sammitida Ukraina va Moldovaga nomzod maqomini berishni tavsiya qildi. YeI tashqi xizmati rahbari Jozep Borrel 20 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu davlatlar, agar hozir nomzod maqomiga ega bo‘lsalar, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2023 yil oxirigacha boshlashlari mumkinmi yoki yo‘qligini bilmasligini aytdi. Nomzod maqomini berish mamlakatga na aniq muddatlarni, na Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish faktini kafolatlaydi. Turkiya 1999 yilda Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini oldi, faqat 2005 yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq haligacha a’zolikka qabul qilinmadi.
LiveBarchasi